Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi insoniyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biriga aylandi. Haroratning ko‘tarilishi, suv resurslarining kamayishi, qurg‘oqchilik, cho‘llanish, havoning ifloslanishi, ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi nafaqat tabiatga, balki iqtisodiyot, aholi salomatligi, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy barqarorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu sababli mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, jumladan, 13-maqsad, iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida bu borada erishilgan natija va yutuqlar, kelgusi vazifalar haqida fikr yuritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda ekologiya va iqlim sohasining huquqiy, institutsional va strategik boshqaruv tizimi to‘liq shakllantirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashi va Iqlim o‘zgarishi milliy markazi tashkil etildi. 17 ta vazirlik va idorada ekologik diplomatiya bo‘limlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha komissiyasi tashkil etildi.
Xalqaro iqlim moliyasi keng jalb etildi. 2024-2026-yillar mobaynida Iqlim o‘zgarishiga oid grant va investitsiya mablag‘lari jalb qilinib, 500 mln AQSH dollaridan ziyod istiqbolli milliy va mintaqaviy loyihalar portfeli shakllantirildi. Milliy iqlim siyosatining strategik asoslari mustahkamlandi. Jumladan, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi, ”Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va boshqa sohaga oid bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyoning "Yashil taraqqiyot" konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Samarqand iqlim forumi mintaqaviy iqlim muloqoti platformasi sifatida shakllantirilmoqda. Natijada O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida zarur huquqiy asoslar yaratilib, xalqaro mavqei mustahkamlandi.
Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida BMT tomonidan qabul qilingan Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij bitimi O‘zbekiston tarafidan ratifikatsiya qilinib, atmosferaga tashlanmalar miqdorini (YAIM birligiga nisbatan emissiya intensivligini) 2035-yilga qadar 50 foizga qisqartirish hamda 2055-yilda to‘liq uglerod neytralligiga erishish maqsad qilib olindi.
Iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor choralarni moliyalashtirish masalalari davlat budjetida nazarda tutilgan, misol tariqasida 2025-yilda 946,0 mlrd.so‘m aynan 13-maqsad vazifalarining ijrosiga yo‘naltirilgan.
Mamlakatimizda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarga erishish, xususan, iqlim o‘zgarishlariga moslashish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, «Yashil makon» doirasida har yili 200 mln tupdan ortiq ko‘chat ekish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Orolning qurigan tubida 2 mln gektarga yaqin hududda himoya o‘rmonzorlari barpo etilish bilan birga, mamlakat bo‘ylab 55 ta yangi "yashil bog‘" tashkil etildi. 2025-yilning birinchi yarmida 130 ming gektar o‘rmonlar barpo etildi va tiklandi. Respublikada o‘rmon fondi maydoni 10,5 mln gektardan 11,9 mln gektarga yetkazilgan. 46 ta yirik sanoat korxonasida atmosferaga chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha ekologik modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, «Toza havo» tadbiri doirasida 250 mingdan ortiq avtotransport vositasi ekologik nazoratdan o‘tkazildi va natijada atmosferaga 36,3 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olindi.
Mamlakatimizda joriy yilda yirik qayta tiklanuvchi energetika quvvatlari 5,6 GVtga yetganligini e’tirof etsa bo‘ladi. 2030-yilga borib elektr ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xususan, aholini barqaror qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlab borish va narxlar barqarorligiga erishish uchun “aqlli” qishloq xo‘jaligi tamoyillarini joriy etish ham muhim.
Yutuqlar o‘zimizniki, lekin iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va unga moslashish uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Issiqxona gazlarini kamaytirish, ishlab chiqarishda va transportda ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, ona tabiatimizni asrash bo‘yicha hali oldinda ancha ishlarimiz ko‘p ekan.
Xalq demokratik partiyasi vakili sifatida alohida ta’kidlash lozimki, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar aholining turmush sifatiga, sog‘lig‘iga, daromadlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun iqlim o‘zgarishlarining oqibatlarini yumshatish, aholini himoya qilish davlat idoralaridan katta mas’uliyat va hisobdorlik talab qiladi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va unga moslashish — bugunning vazifasi, ammo uning natijasi kelajak avlodlar hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois “Iqlimga moslashish – bu kelajakka investitsiyadir”, degan g‘oya har birimiz uchun amaliy harakatga aylanishi lozim.
Qizilgul Qosimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.