Asosiy maqsad – ish o‘rni, daromad manbai yaratish
Asosiy maqsad – ish o‘rni, daromad manbai yaratish

 

Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti ham ana shu jarayonlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur muloqotda mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning eng muhim ishtirokchisiga aylangan 1 million 200 ming nafarlik biznes hamjamiyatiga e’tibor qaratildi. Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot an’anasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarning yechimi topilib, bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingani qayd etildi. Bu raqamlarning o‘ziyoq mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yaxshilash masalasi bir martalik kampaniya emas, balki izchil va tizimli siyosatga aylanganini ko‘rsatadi.

Eng muhimi, bu siyosatning bosh maqsadi tadbirkorga faqat kredit berish yoki imtiyoz yaratish bilan cheklanib qolmayapti. Asosiy vazifa — insonga o‘z mahallasida daromad topish, yangi ish o‘rinlari yaratish, o‘z biznesini kengaytirish va katta korxona darajasiga olib chiqish imkonini berishdir.

Tadbirkorlik muhitidagi eng muhim yangiliklardan biri — biznesni boshlashdan tortib, uni yirik kompaniyaga aylantirishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oluvchi yaxlit ekotizim yaratilayotganidir.

Banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan. Birinchi yarim yillikning o‘zida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trillion so‘m resurs ajratilgan.

Yaqinda “kredit xizmatlari yagona raqamli portali” ishga tushirilgani ham tadbirkorlar uchun qulaylik yaratadi. Endilikda tadbirkor bitta ariza taqdim etadi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi. Yangi biznes boshlayotganlar uchun 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.

Kichik tadbirkorlar uchun eng og‘riqli masalalardan biri — garov ta’minoti. Yangi “kontr-kafolat” tizimi ana shu muammoni yengillashtirishga qaratilgan.

10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorga esa 25 foiz garovni ta’minlash kifoya qiladi.

Bunday yondashuv ayniqsa istiqbolli loyihasi bor, ammo yetarli garov ta’minotiga ega bo‘lmagan tadbirkorlar uchun muhim imkoniyatdir.

Iqtisodiyotni rivojlantirishda mavjud resurslardan samarali foydalanish alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, bo‘sh turgan yer maydonlari va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish muhim vazifa sifatida belgilanmoqda.

Davlat aktivini sotib olishda avans to‘lovini 30 foizdan 15 foizga tushirish, olti oyda to‘liq to‘lov qilganlarga 25 foiz chegirma berish, summaning yarmini to‘lagan tadbirkorga qolgan qismini 7 yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.

Yer sotib olgan tadbirkorning qurilishni boshlashi uchun zarur hujjatlarni yillab yig‘ishiga barham berish maqsadida yer uchastkalarini tayyor paket shaklida savdoga chiqarish ham muhim yangilikdir.

Bunday yondashuv byurokratik to‘siqlarni qisqartirib, investitsiya jarayonini tezlashtiradi.

Texnologiya qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, uni boshqaradigan, undan samarali foydalanadigan mutaxassis bo‘lmasa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Shu bois yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarida kadrlar tayyorlash komponenti bo‘lishi shartligiga alohida urg‘u berildi. Urganchda Germaniya va Xitoy tajribasi asosida yoshlarni “yashil” energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik, elektrotexnika kabi 10 turdagi kasbga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu tajribani mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etish rejalashtirilgan.

Maqsad — 1 million nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatish va ularni yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirish.

Bu vazifa tadbirkorlikni rivojlantirish siyosati bilan bevosita bog‘liq. Zero, yangi korxona tashkil etishdan ko‘ra, uni zamonaviy texnologiyalarni biladigan malakali mutaxassislar bilan ta’minlash muhim.

Bugun O‘zbekistonda tadbirkorga faqat soliq to‘lovchi yoki ishlab chiqaruvchi emas, balki mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining muhim hamkori sifatida qaralmoqda.

Maqsad aniq: tadbirkorga imkoniyat berish, uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va har bir hududda odamlarning munosib daromad topishi uchun sharoit yaratish.

O‘z navbatida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda ijtimoiy barqarorlikka xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Ya’ni ushbu jarayonda barqaror ish o‘rinlari va munosib daromad manbalari yaratiladi. Ayniqsa, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini doimiy va barqaror daromad manbai bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda tadbirkorlik mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi va yangi O‘zbekiston iqtisodiy qudratini ta’minlaydigan muhim harakatlantiruvchi kuchdir.

 

Shokirjon Ahmedov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish