Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Sharofiddin Nazarov Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumani Tug‘uruq majmuasi va tumandagi 1-sonli texnikumda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tumanning IT-park markazida esa yoshlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda partiya fraksiyasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan hamda qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati, har chorakda kamida bitta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini ta’minlash haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, deputat tomonidan 1-sonli texnikumda qurilayotgan yangi o‘quv ustaxonasining qurilish jarayoni o‘rganilib, obyektning belgilangan loyiha asosida, sifatli va o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishi yuzasidan mas’ullar bilan fikr almashildi. Ta’lim sohasida yaratilayotgan imkoniyatlardan o‘quvchi-yoshlar va pedagoglar to‘laqonli foydalanishi, ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi hamda qurilish ishlarining sifati ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Aniqlangan masalalarni bartaraf etish, obyektni belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash va saylovchilar manfaatlaridan kelib chiqib, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga tavsiyalar berildi.