Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Shokirjon Ahmedov tomonidan mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati o‘rganildi.
Jarayonda “ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar va ishsiz fuqarolar bilan manzilli ishlash, ularni daromadli mehnatga jalb etish hamda oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar ijrosi muhokama qilindi.
Jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ajratilayotgan kredit, subsidiya va boshqa moliyaviy ko‘maklar hisobiga qancha fuqaro doimiy daromad manbaiga ega bo‘layotgani, yaratilgan ish o‘rinlarining barqarorligi hamda loyihalarning amaliy samarasi tahlil qilindi.
Tuman mahallalari kesimida “mahalla yettiligi” tomonidan ehtiyojmand oilalar bilan ishlash, mehnat migratsiyasidagi fuqarolar oilalarining holati, ishsiz aholini daromadli mehnatga jalb etish hamda mikroloyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, 1-sonli umumta’lim maktabida inklyuziv ta’limni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar ham o‘rganildi. Xususan, alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalarning sifatli ta’lim olishi, maktab binosida erkin harakatlanishi va zarur sharoitlardan foydalanishi, jumladan, maktabda pandus yo‘laklari barpo etilgani, alohida sinf xonasi hamda gigiyena xonasi tashkil etilgani, inklyuziv ta’lim uchun zarur maxsus jihozlar bilan ta’minlangani qayd etildi.
Bu kabi loyihalar har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.