O‘zbekiston XDP tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyati partiya kengashi tashabbusi bilan Zangiota tumanida «35 yil — xalq bilan birga» shiori ostida «Deputat va yoshlar» uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zosi Malika Qodirxonova, O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi bo‘limi boshlig‘i Muhsiddin Nizomiddinov, partiyaning mas’ul xodimlari, tuman va shahar kengashlari raislari, deputatlar, faol yoshlar hamda boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizdagi islohotlar, aholi turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston XDPning Saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalar, ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Ochiq muloqot davomida yoshlar ta’lim olish, kasb-hunar egallash, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr va takliflarini bildirdi. Deputatlar va mutasaddilar savollarga javob berib, bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbir doirasida 35 nafar yosh partiya a’zoligiga qabul qilindi. Shuningdek, faol va tashabbuskor yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.