Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha Bitimiga muvofiqlashtirish, intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama etildi.
Fraksiya a’zolari loyihalarni ko‘rib chiqish davomida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari va fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik subyektlari uchun teng va adolatli sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Tashabbuskorlar tomonidan sanoat mulki va mualliflik huquqi sohasidagi ayrim qoidalarni xalqaro amaliyot va shartnoma erkinligi tamoyillariga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelayotgani ta’kidlandi. Shu bois, tadbirkorlar va investorlar uchun qulay huquqiy muhit yaratish, xizmat asarlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarning 10 yil o‘tgach avtomatik ravishda muallifga o‘tishiga oid qoidani bekor qilish, bu masalani tomonlarning kelishuvi asosida belgilash taklif etilmoqda.
Deputatlar fikricha, xizmat asarlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarni belgilashda tomonlarning kelishuvi ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda, xodimning mehnati natijasida yaratilgan intellektual mahsulotga nisbatan uning huquq va manfaatlari kafolatlanishi masalasi ham e’tibordan chetda qolmasligi zarur.
Jarayonda fraksiya a’zolari bir qator savollar bilan tashabbuskorlarga yuzlandi.
Jumladan, deputat Zokirjon Zohidov intellektual mulk egalari tomonidan patent olish uchun qilingan murojaatlarning rad etilish sabablarini apellatsiya shikoyati ko‘rib chiqilganiga qadar ochiqlashga nimalar to‘sqinlik qilishi, shu bilan birga, ekspertlarning qaysi mezonlar asosida jalb etilishiga qiziqdi.
Fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov intellektual mulk egalari patent bo‘yicha davlat bojini to‘lamagani sabablari tahliliga e’tibor bergan bo‘lsa, fraksiyaning yana bir a’zosi Firdavs Sharipov nega qonun loyihasi bilan patentlarni o‘z kuchida saqlash uchun belgilangan bojlarni besh yillik davr uchun oldindan to‘lash imkoniyati yaratilayotganiga izoh so‘radi.
Tashabbuskorlar savollarga izoh va tushuntirishlarini berdi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziriga chet el investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini monitoring qilish, investitsiyaviy samaradorlikni baholash va investorlar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida parlament so‘rovini yuborishni ma’qullashdi.
Yakunda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari hamda partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.