Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Zokirjon Zohidov va Shokirjon Ahmedovlar tomonidan hududiy mas’ullar bilan birgalikda tuman markazidagi 26-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 2026–2027-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Xususan, bugungi kunda 90 o‘ringa mo‘ljallangan, ayni vaqtda esa 107 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim-tarbiya olayotgan ushbu muassasaning moddiy-texnik bazasi, bino va inshootlari, guruh xonalari hamda yordamchi xonalarning holati, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar davomida bino ta’mirtalab holatda ekani inobatga olinib, uni kapital ta’mirlash imkoniyatlarini tahlil qilish, shuningdek, texnik holatidan kelib chiqib, mavjud bino o‘rniga zamonaviy talablarga javob beradigan yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurish dolzarb masala ekani qayd etildi.
Jarayonda tumandagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi va qurilish-rekonstruksiya ishlarning sifati ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar yakunida mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda aniqlangan muammolarni bartaraf etish, maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, shu bilan birga, “Tashabbusli budjet” loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘z vaqtida yakunlash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.