Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini belgilash, ular ustidan shikoyat qilish va noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish, harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirish, chiqindilar bilan bog‘liq sohadagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan va boshqa qonun loyihalari muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida qonun loyihalarining ijtimoiy ahamiyati, fuqarolar huquq va manfaatlarini ta’minlashga ta’siri hamda ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash sohasida yagona va aniq huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladigan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Deputatlar taqdim etilayotgan qonun loyihasining ayrim me’yorlariga e’tibor qaratdilar. Jumladan, fraksiya a’zosi Ulug‘bek Shermatov moliyaviy sanksiya qo‘llash bilan bog‘liq holatlar yoki sud qarori to‘g‘risida tadbirkorlarni xabardor qilish mexanizmlari qanday ishlashiga qiziqdi.
Mas’ullar sud qarori yoki moliyaviy sanksiya haqida tadbirkorlarni ogohlantirish mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berishdi. Shundan so‘ng deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ma’qulladilar.
Jarayonda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ham deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.
Tashabbuskorlarning qayd etishicha, mamlakatimizda hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash hamda chiqindilarni boshqarish sohasi 24 yil oldin qabul qilingan “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solib kelinmoqda. Ya’ni, amaldagi qonunni takomillashtirish davr taqozosiga aylangan. Shu jihatdan xalq vakillari loyihani sinchkovlik bilan muhokamadan o‘tkazishdi.
Fraksiya a’zolari ayrim masalalarni ko‘tarishdi. Xususan, deputat Sayyora Imomova tizimda amaldagi qonunning o‘zidan ham samarali foydalanilmaganiga alohida urg‘u berib, yangi tahrirdagi qonunning qabul qilinishi chiqindilar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda qanday afzalliklarga ega ekani, hududlarda chiqindilarni yig‘ish hamda olib ketish bo‘yicha qanday dasturlar joriy etilgani, sohada ijro intizomi masalalari yuzasidan batafsil ma’lumot berishni so‘radi.
Yana bir deputatimiz Imomnazar Tursunov utilizatsiya yig‘imlari va maishiy chiqindi tariflarining asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday iqtisodiy kafolatlar, jumladan, aholi to‘lov qobiliyatining inobatga olingani, yig‘ilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, chiqindi poligonlarining bugungi holati, chiqindilarni yoqish va ko‘mishda ekologik xavfsizlik kafolatlari bilan qiziqdi.
Muhokamalar davomida fraksiyamiz a’zosi Anvarxon Temirov taklif etilayotgan qonun loyihasida aholi uchun faqatgina majburiyatlar belgilanayotganiga e’tiroz bildirdi. Xususan, qonun loyihasining asosiy tamoyillar qismida chiqindi hosil qiluvchilar, ya’ni aholining javobgarligi kiritilgan, ammo chiqindilarni olib chiqib ketuvchi idora va tashkilotlar yoki ularning vakillariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish yoxud javobgarlik ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratdi.
Deputatlar qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasini konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlab, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiya a’zolarining taklif va fikr-mulohazalari inobatga olinishi lozimligini ta’kidlashdi.
Yakunda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.