Orolbo‘yida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirishda innovatsion yechimlar muhokama qilindi

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zolari, partiyamiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi faollari Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida bo‘lib, innovatsion markaz faoliyati hamda kambag‘allikni qisqartirishda zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlaridan foydalanish bo‘yicha taqdimot bilan tanishishdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi, Markaz direktori Baxitjan Xabibullayev «Orolbo‘yi mintaqasida kambag‘allikni qisqartirishda aholini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashning innovatsion yechimlari» mavzusida ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, sho‘rlangan yer va suv tanqidchiligi sharoitiga moslashgan, qurg‘oqchilikka chidamli ekin turlari sinovdan o‘tkazilib, tomorqalardan samarali foydalanish va uy sharoitida kam xarajat evaziga yuqori daromad olish imkonini beruvchi zamonaviy agrotexnik yechimlar tatbiq etilmoqda.

Innovatsion markaz tomonidan ehtiyojmand va kam daromadli xonadonlarga sertifikatlangan urug‘liklar bepul tarqatilmoqda. Bu chora-tadbirlar tomorqa maydonlaridan oqilona foydalanish va oilalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

 

Taqdimotda B.Xabibullayev 7 ta ustuvor taklifni ilgari surdi:

- Har bir mahallada innovatsion namunali tomorqalar tashkil etish;

- Iqlimga mos agrotexnologiyalarni ommaviy joriy qilish;

- Genbank va biotexnologiyalar asosida yangi navlarni kengaytirish;

- Xotin-qizlar va yoshlar uchun «yashil» tadbirkorlikni rivojlantirish;

- Raqamli agromaslahat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;

- Xalqaro investitsiyalar va grantlarni keng jalb qilish;

- Ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish.

Muhokamalarda kambag‘allikni qisqartirish doirasida innovatsion agrotexnologiyalarning joriy etilishi va ularning samaradorligi ustidan tizimli deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yish va mavjud muammolarni o‘rganib, tegishli mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovlarini kiritib borish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish