Mustaqilligimizning qutlug‘ 35 yillik ayyomi arafasida hududlarda, har bir mahallada ro‘y berayotgan yangilanishlar va bunyodkorlik ruhi har birimizga o‘zgacha ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda. Keng qamrovli infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiya jarayonlari Vatanimiz taraqqiyotida, aytish mumkinki, yangi tariximizda muhtasham sahifalarni ochib bormoqda.
Islohotlar sur’ati va ko‘lami jadallashgan mana shunday mas’uliyatli davrda O‘zbekiston Prezidentining Xorazm viloyatiga tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Hududda amalga oshirilayotgan, boshlanayotgan ulkan loyihalar strategik hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda tub burilish nuqtasi bo‘lishi, shubhasiz.
Oxirgi to‘qqiz yilda Xorazm viloyati iqtisodiyotiga 7,5 milliard dollar miqdorida sarmoya jalb etilgani ishlab chiqarish kuchlarini modernizatsiya qilish imkonini berdi. Natijada viloyatda ishsizlik va kambag‘allik darajasi ikki barobarga qisqardi.
Yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos ravishda kasb-hunarga o‘rgatish va ularning kafolatlangan ish o‘rinlariga ega bo‘lishi ijtimoiy siyosatning markazida turadi. Urganch shahrida barpo etilgan Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va «Kasblar shaharchasi» mehnat bozoridagi talab va taklif muvozanatini ta’minlashga qaratilgan pragmatik qadamdir. «O‘zing yasab ko‘r» tamoyili asosida transport, logistika, qurilish va «yashil» energetika sohalarida mutaxassislar tayyorlash tizimi soha korxonalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri klaster usulida bog‘langan. Bu esa yoshlarning ijtimoiy mobilligini oshirib, bitiruvchilarning mehnat bozoriga tez va samarali integratsiyalashuvini ta’minlaydi.
Infratuzilmaviy rivojlanish nuqtai nazaridan, Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasida 11 kilometrlik yangi temir yo‘l tarmog‘ining foydalanishga topshirilishi transport logistikasini maqbullashtirib, qatnov vaqtini qisqartiradi. Ushbu tizim yiliga 650 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish orqali aholining harakatlanish erkinligini ta’minlaydi, madaniy-iqtisodiy aloqalarni yengillashtiradi va turizm sohasida qo‘shimcha bandlikni rag‘batlantiradi.
Shu bilan birga, Urganch aeroportini kengaytirish uchun davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida 264 million dollar miqdorida sarmoya ajratilishi hamda Janubiy Koreya kompaniyasining jalb etilishi hududning xab va tranzit salohiyatini oshiradi. Xalqaro aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi viloyat iqtisodiyotiga bevosita xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirib, kichik va o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Bugun Xorazm vohasida amalga oshirilayotgan kompleks islohotlar faqatgina infratuzilmani yangilash emas, balki aholining ijtimoiy farovonligi va hayot sifatini oshirishga qaratilgan tizimli davlat siyosatining amaliy natijasidir. Bu jarayonlar jamiyatimizda ijtimoiy birdamlik, davlat va fuqaro o‘rtasidagi o‘zaro ishonch mezonlarini yanada mustahkamlaydi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida viloyatda nufuzli xalqaro anjumanlar, madaniy-gumanitar va iqtisodiy sammitlarni yuqori darajada o‘tkazishga mo‘ljallangan zamonaviy infratuzilma obyektlarining barpo etilishi Xorazmning tarixiy-madaniy va turistik kapitalini jahon miqyosida keng namoyon etishga, hududiy servis hamda xizmat ko‘rsatish sohasiga investitsiyalar oqimini oshirishga keng yo‘l ochadi. Bu kabi ulug‘vor o‘zgarishlar Xorazmning azaliy bunyodkorlik salohiyatiga har tomonlama munosib bo‘libdi. Umid qilamizki, Urganch va Xiva kabi shaharlarimiz mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilib, yuksak natijalarga erishadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uchun eng muhim ijtimoiy va siyosiy qadriyat inson kapitalini rivojlantirish, aholining ijtimoiy muhofazasini mustahkamlash, har bir oilaning barqaror va munosib daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlashdan iborat. Shu nuqtai nazardan, Xorazmda foydalanishga topshirilayotgan strategik loyihalar aholi turmush farovonligiga bevosita va bilvosita ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani bilan, ayniqsa, ahamiyatli, bu ijtimoiy teng imkoniyatlar tamoyillarining real hayotdagi amaliy ifodasidir.
O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar va iqtisodiyotning real sektori vakillari bilan muntazam ravishda o‘tkazib kelayotgan ochiq muloqotlari mamlakatimizda biznes muhitini maqbullashtirish va ishchanlik faolligini oshirishda qudratli katalizator vazifasini o‘tamoqda. Davlat va biznes o‘rtasidagi bunday konstruktiv muloqot tadbirkorlik subyektlarining huquqiy hamda iqtisodiy kafolatlarini mustahkamlab, investitsion muhit jozibadorligini oshirmoqda.
Ijtimoiy-iqtisodiy nuqtai nazardan, tadbirkorlik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarining jadal rivojlanishi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki yalpi hududiy mahsulot o‘sishini ta’minlabgina qolmay, fundamental ijtimoiy vazifalarni samarali hal etadi. Eng asosiy va ezgu maqsad aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allik omillarini qisqartirish hamda barqaror daromad manbalarini shakllantirish hisoblanadi. Mehnat bozori va xususiy sektor integratsiyasi oilalarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlab, ijtimoiy barqarorlikning eng mustahkam kafolatiga aylanadi.
Xorazmda bo‘lib o‘tgan bu galgi ochiq muloqotda ham juda muhim masalalar muhokama etildi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surilib, dolzarb vazifalar belgilandi.
Partiyamizning siyosiy g‘oyalariga muvofiq, biznesda ijtimoiy mas’uliyat bo‘lishi prinsipial ahamiyatga ega. Shu ma’noda muloqotda har bir loyihaning samarasi faqat texnologiyaga emas, uni ishlata oladigan malakali kadrlarga bog‘liqligiga e’tibor qaratildi. Har yili 50 milliard dollarlik yuqori texnologik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etilib, ularda kadr tayyorlash komponenti bo‘lishi shartligi ta’kidlandi. Texnikum tashkil qiladigan yoki davlat texnikumini olib, xalqaro standart asosida kadr tayyorlaydigan tadbirkorlarning xarajatlari solig‘idan chegirib berilishi, shu tizim orqali 1 million yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsad qilingani bildirildi.
Ishonamizki, bu galgi muloqotda ilgari surilgan tashabbuslar ro‘yobga chiqishi nafaqat iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, asosiysi, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirishga qo‘shimcha sharoit va imkoniyat yaratadi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bundan keyin ham aholini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash borasidagi vazifalar samarali ijro etilishi, yoshlarning hunarli bo‘lishi, fuqarolarning munosib ish bilan ta’minlanishi yo‘lida barcha kuch hamda imkoniyatlarini safarbar etadi.
Nafaqat Xorazmdagi, yurtimizning barcha hududlaridagi bunyodkorliklar xalqimizning muqaddas bayramiga munosib tuhfa bo‘lmoqda. Mashaqqatli mehnat, Ona vatanga muhabbat bilan erishilayotgan yutuq va natijalarning qadriga yetib, o‘zaro ishonch va birdamlik ruhida faoliyat yuritish barchamizning burchimizdir.
Yangi tariximizning zarvaraqlari xayrli va ulug‘vor ishlar bilan bezalaversin!
Ulug‘bek INOYATOV,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari.