So‘nggi kunlarda hududlarda ayrim mahalliy hokimliklar, mas’ul tashkilotlar va mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari tomonidan fuqarolarning uy-joylarini obodonlashtirish yuzasidan xonadonlarga kirib, turli talablar qo‘yilayotgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ayniqsa, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy hayoti hamda uy-joy daxlsizligi kabi konstitutsiyaviy huquqlariga raxna solinayotgani, qandaydir talablar bajarilmagan taqdirda xonadonlarga “Uyatli xonadon”, mahallalarga esa “Sharmandali mahalla” kabi tamg‘alar o‘rnatilishi haqidagi xabarlar yurtdoshlarimizda e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda.
Xalq demokratik partiyasi bunday xatti-harakatlar Konstitutsiyada belgilangan huquqlar va kafolatlarga mos kelmaydi, deb hisoblaydi va quyidagilarni ma’lum qiladi.
Birinchidan, yurt obodligi – Vatanni asrash, toza tutish va obodonlashtirish demakdir. Albatta, xonadonlarni, ko‘cha va mahallalarni obod qilish ezgu tashabbus, bu har bir fuqaroning ijtimoiy mas’uliyatidir. Biroq, bu ezgu tashabbusni amalga oshirish shaxsiy namuna, ijtimoiy hamkorlik, qonun va inson qadriga hurmat hamda amaliy yordam ko‘rsatish, qo‘llab-quvvatlash asosida tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, mahallalar, qolaversa, xonadonlar obodligi yo‘llar, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, muhandislik kommunikatsiyalari, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish kabi vazifalar samarali bajarilishi bilan bog‘liqdir. Bu borada mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi tashkilotlar qonuniy majburiyatini o‘z vaqtida va sifatli bajarishi zarur.
O‘z hududida davlat tashkilotlari tomonidan amaliy g‘amxo‘rlik va real o‘zgarishlarni ko‘rgan yurtdoshlarimizda xonadonlar va atrof-muhitni obod qilishga intilish o‘z-o‘zidan kuchayishiga ishonchimiz komil.
Uchinchidan, insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, qonunlarda nazarda tutilmagan ma’muriy choralar qo‘llashga urinish demokratik huquqiy davlat boshqaruvi tamoyillariga ziddir.
To‘rtinchidan, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolar bilan muloqotda har bir mutasaddi odob-axloq qoidalariga rioya qilishi lozim.
Xalq demokratik partiyasi mutasaddilarni aholi bilan muloqotda shaxsning qadr-qimmati, sha’ni va obro‘sini kamsitish kabi noqonuniy usullardan butunlay voz kechib, qonun ustuvorligi, inson qadri, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy sheriklik tamoyillariga amal qilishga chaqiradi.