Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputati Nigora Eshmetova Yunusobod tumanidagi 424- va 414-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yaratilgan sharoitlar, moddiy-texnik baza hamda ta’lim jarayonini joyiga chiqib o‘rgandi.
O‘rganish davomida muassasalarning bino-inshootlari, guruh xonalari, oshxona, bolalar maydonchalari, xavfsizlik talablari hamda pedagog kadrlar bilan ta’minlanganlik holati tahlil qilindi.
424-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida moddiy-texnik holat va oshxona talab darajasida ekani qayd etildi. Shu bilan birga, bolalarning ochiq havoda xavfsiz dam olishi uchun mo‘ljallangan ayvonlarni zamonaviy talablar asosida yangilash zarurligi aniqlandi. Mazkur masala muassasa rahbariyati va ota-onalar tomonidan ham ko‘tarildi.
Shuningdek, ushbu muassasada tarbiyachilar yetishmovchiligi muammosi mavjudligi, bunga soha xodimlari ish haqi miqdorining pastligi asosiy omillardan biri ekani qayd etildi.
414-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida kapital ta’mirlash ishlari yakunlanib, bolalar uchun zarur sharoitlar yaratilgani e’tirof etildi. Biroq muassasada bo‘sh ish o‘rinlari ko‘pligi hamda kadrlar qo‘nimsizligi ta’lim jarayonining barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ma’lum qilindi.
O‘rganish yakunida deputat tomonidan 424-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi ayvonlarni tumanning manzilli dasturiga kiritish, har ikki muassasada kadrlar yetishmovchiligini bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari orqali malakali mutaxassislarni jalb etish hisobiga bartaraf etish hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Ko‘tarilgan masalalar ijrosi deputatlik nazoratiga olindi.