Partiyamiz Buxoro viloyati kengashi tashabbusi bilan “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati: amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Muloqotda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va qamrovini oshirish, birlamchi tibbiy xizmat samaradorligini yuksaltirish, sohadagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Eshituvda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari tomonidan jismoniy imkoniyati cheklangan hamda boshqa ayrim toifadagi fuqarolarni imtiyozli asosda dori-darmon vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash holati, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil axborot berildi.
Shundan so‘ng deputatlar, tadbir ishtirokchilari va jamoatchilik vakillari tomonidan mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, bir qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Jamoatchilik eshituvi yakunida partiyamiz Buxoro viloyati Kengashi raisi Zulfiya To‘yeva so‘zga chiqib, sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholini sifatli va manzilli tibbiy xizmat hamda imtiyozli dori vositalari bilan ta’minlash masalalari bundan buyon ham partiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.