Bugungi kunda jahon hamjamiyatida "inson kapitali" davlatning eng oliy va strategik resursiga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsadi qo‘yilgan bir davrda, ta’lim tizimining barcha bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik va hamohanglikni ta’minlash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Maktabgacha, maktab, kasb-hunar, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash hamda qo‘shimcha ta’lim yo‘nalishlarini birlashtirgan Ta’lim va ilm-fan vazirligining tashkil etilishi, shubhasiz, ta’limning barcha bosqichlarini yagona tizim asosida boshqarish imkonini beradi. Bu orqali bog‘chadan boshlangan ta’lim jarayoni maktab, kasb-hunar, oliy ta’lim, ilm-fan va kasbiy rivojlanish bosqichlari bilan uzviy bog‘lanadi.
Eng muhimi, bu o‘zgarish ta’limning barcha bosqichlarini yagona maqsad atrofida birlashtiradi. Bunda har bir ta’lim bosqichi keyingi qadam uchun poydevor bo‘lib, insonning bilim va salohiyati izchil rivojlanib boradi. Ilm-fan yutuqlari ta’lim va amaliyot bilan yaqinlashadi, ta’lim esa mehnat bozori talablariga moslashadi.
Hozirgi kunga qadar ta’lim sohasini boshqarish bir nechta vazirlik va idoralar o‘rtasida bo‘lingan edi. Bu esa ta’limning bir bosqichidan ikkinchisiga o‘tishda uzviylikni ta’minlash, yagona yondashuvni shakllantirish va samarali hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishda ayrim muammolarni keltirib chiqardi.
Jumladan, ta’limning turli bosqichlari o‘rtasida yetarli darajada uzviylik ta’minlanmagan. Masalan, bog‘cha, maktab va oliy ta’lim dasturlari o‘rtasida yetarli uyg‘unlik bo‘lmagani sababli, o‘quvchilar bir bosqichdan boshqasiga o‘tishda yangi talab va muhitga moslashishda qiyinchiliklarga duch kelgan.
Mavjud resurslar tarqoq holda boshqarildi. Moliyaviy va moddiy-texnik imkoniyatlar, eng muhimi, intellektual salohiyat turli vazirlik va idoralar o‘rtasida taqsimlangani ulardan samarali va bir maqsad yo‘lida foydalanishni qiyinlashtirdi. Shuningdek, ilm-fan va ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada kuchaytirish zarur. Ilmiy tadqiqotlar natijalari faqat ilmiy doirada qolib ketmasdan, maktab va kasbiy ta’lim jarayonida ham qo‘llanilishi kerak.
Mazkur jarayonda Ta’lim va ilm-fan vazirligining tashkil etilishi insonga butun umri davomida ta’lim olish va rivojlanish imkonini yaratadi. Chunki bu tizimda inson tug‘ilganidan boshlab, butun hayoti davomida uzluksiz rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maktabgacha ta’limdan tortib kadrlarni qayta tayyorlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yagona milliy standartlar, o‘qitish metodologiyasi va baholash tizimi joriy etiladi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ta’lim va ilm-fanning yagona vazirlik qoshida birlashtirilishi yuqori iqtisodiy va ijtimoiy samara beradi. Masalan, Janubiy Koreyada ta’lim, fan va texnologiyalar vazirligi mamlakatni qisqa muddatda texnologik yetakchiga aylantirgan. Ular bog‘cha yoshidan boshlab to yuqori texnologik ilmiy tadqiqotlargacha bo‘lgan jarayonni yagona markazdan boshqaradi.
Dunyodagi eng ilg‘or ta’lim tizimiga ega mamlakat — Finlyandiyada esa ta’lim va madaniyat vazirligi barcha bosqichlarni, jumladan, norasmiy va kattalar ta’limini ham muvofiqlashtiradi. Germaniyada ham ilm-fan va oliy ta’lim, shuningdek, umumiy ta’lim tizimi o‘zaro chambarchas strategik aloqada faoliyat yuritadi. Bu esa fundamental fanning ta’lim bilan integratsiyasini kuchaytiradi.
Shu nuqtayi nazardan aytganda, yangi vazirlik bolalarni bog‘cha yoshidanoq mantiqiy fikrlash va ijtimoiy ko‘nikmalarga o‘rgatish, milliy o‘quv dasturini xalqaro standartlar (PISA, TIMSS) asosida mukammallashtirish, o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash va «soft skills» (yumshoq ko‘nikmalar)ni shakllantirish, oliy ta’lim muassasalari va texnikumlarni mehnat bozori talablariga moslashtirish, dual ta’lim tizimini kengaytirish, oliy ta’lim sifatini oshirish va xalqaro reytinglarga kirishini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Vazirlik, shuningdek, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini shaffoflashtirish, pedagoglar va soha mutaxassislarining malaka oshirish tizimini raqamlashtirish, an’anaviy shakldan voz kechib, kredit-modul tizimiga to‘liq o‘tish, IT akademiyalar, xususiy kurslar va masofaviy ta’lim platformalari orqali olingan bilimlarni «validatsiya» qilish va qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratadi.
Yangi vazirlikning tashkil etilishi oddiy tashkiliy o‘zgarish emas, balki ta’limni yagona tizimga birlashtirish, uning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash va inson salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin. Zotan, bu islohot ta’lim tizimidagi tarqoqlikka barham berib, har bir fuqaroning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.