Markaziy Osiyo hamkorligi: ishonchdan — taraqqiyot sari
Markaziy Osiyo hamkorligi: ishonchdan — taraqqiyot sari

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida mintaqamizning bugungi taraqqiyot manzarasi, kelgusi ustuvor vazifalar va xalqlarimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

E’tiborli jihati shundaki, bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlarining muntazam muloqoti, ochiq va ishonchli yondashuvi mintaqada o‘zaro anglashuv va hamkorlik muhitini mustahkamlamoqda. XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirishga qaratilgan Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma tuzilishi jarayonining yakunlangani ham ana shu ishonchning muhim natijasidir.

Deputat sifatida men, avvalo, Prezidentimiz tomonidan mintaqaviy muloqotning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash zarurligiga urg‘u berilganini alohida ahamiyatli, deb hisoblayman. Chunki barqaror hamkorlik nafaqat siyosiy kelishuvlar, balki ularni hayotga tatbiq etish imkonini beradigan aniq huquqiy mexanizmlarga ham tayanadi.

Bugun biz oddiy savdo munosabatlari bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Prezidentimiz ta’kidlagan «Olti iqtisodiyot — bitta mahsulot» tamoyili mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning mazmunini yaqqol ifodalaydi. Ya’ni endi har bir davlat o‘z imkoniyatidan alohida emas, balki umumiy zanjirning bir bo‘g‘ini sifatida foydalanib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot yaratishga intilishi lozim. Bu esa yangi investitsiyalar, ish o‘rinlari, texnologiyalar va raqobatbardosh ishlab chiqarish uchun keng imkoniyat ochadi.

Ayniqsa, transport va logistika masalasi mintaqaning kelajagi uchun strategik ahamiyatga ega. Yangi avtomobil va temir yo‘llar qurishning o‘zi kifoya emas. Ularning atrofida sanoat zonalari, logistika markazlari, xizmat ko‘rsatish obyektlari va yangi ishlab chiqarish quvvatlari shakllanishi kerak. Shunda transport yo‘laklari nafaqat hududlarni bog‘laydi, balki iqtisodiy o‘sish nuqtalariga aylanadi.

Shu bilan birga, energetika, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orolbo‘yi ekologik muammolarini hal etish, muhim minerallardan samarali foydalanish, raqamli texnologiyalar va zamonaviy kasblarga tayyor kadrlar masalalari ham mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli kun tartibini belgilaydi.

Bu vazifalarning barchasi oxir-oqibat inson manfaatiga xizmat qilishi kerak. Zero, mintaqaviy hamkorlikning haqiqiy samarasi raqamlar yoki bitimlar soni bilan emas, odamlarning hayotidagi o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘ladi. Yangi ish o‘rinlari, munosib mehnat sharoiti, sifatli ta’lim, zamonaviy infratuzilma va barqaror daromad — hamkorlikning xalqimiz uchun eng muhim natijalaridir.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kelgusi avlodlarga tinch, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan kuchli mintaqani qoldirishimiz kerak. Bu maqsadga erishishning asosiy sharti esa — birdamlik va ishonch.

Parlament va deputatlar zimmasiga ham bu jarayonda muhim vazifalar tushadi. Mintaqaviy kelishuv va tashabbuslarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, milliy qonunchilikni zamon talablari asosida takomillashtirish, investitsiya va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish — bugungi kunning dolzarb vazifalaridir.

Ishonch bor joyda hamkorlik, hamkorlik bor joyda taraqqiyot bo‘ladi. Bugun Markaziy Osiyo oldida yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Biz ana shu imkoniyatlarni xalqlarimiz farovonligi, yoshlarimiz kelajagi va mintaqamizning barqaror taraqqiyoti uchun samarali natijalarga aylantirishimiz zarur.

 

Muqaddas O‘RAZALIYEVA,

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish