Yoshlarning muvaffaqiyat formulasi
Yoshlarning muvaffaqiyat formulasi

 

O‘zbekiston tom ma’noda yoshlar yurtiga aylanayotgani yaratilayotgan yangi qulaylik va imkoniyatlarda ham yaqqol ko‘rinmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan vertikal boshqaruv tizimi, o‘ziga xos yangi institut yaratilganini alohida ta’kidlash lozim.

Mazkur tizim, ya’ni mahallalardagi yoshlar yetakchilari orqali yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari samarali hal etilmoqda. Xususan, birgina “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million nafar yoshning muammosiga yechim topilgani ham bu institutning hayotiyligini ko‘rsatmoqda.

Davlat rahbarining bayram munosabati bilan butun respublika yoshlari vakillari bilan ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan muloqoti ayni jihatdan ham muhimdir. Ushbu muloqot davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimining oldida turgan eng dolzarb vazifalar ham belgilab berildi.

Muloqotda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 dan ortiq tashabbus ilgari surildi. Shu orqali har bir mahalladagi yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalar bo‘yicha yechimlar taklif qilindi. Ularning barchasi yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.

Muloqotda bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi, ertangi taraqqiyotning mustahkam zamini uchta eng muhim ustunga – bilim, kasb va texnologiyaga tayanishi ta’kidlandi. Darhaqiqat, jamiyat hayoti ilm-fan va ilg‘or texnologiyalar yutuqlari bilan faol transformatsiya bo‘layotgan, butun dunyoda raqobat kuchayib borayotgan hozirgi davrda bilimga, kasbga va texnologiyaga suyangan yoshlar yutuqlarga erisha oladi.

Qaysi bir soha, qay bir yo‘nalishni olmaylik, yoshlarga avvalo bilim, ishonchli kasb va albatta, texnologiyaga ko‘nikma zarur bo‘lmoqda. Boshqacha aytganda, yoshlar mana shu 3 ta ustun orqaligina o‘zini namoyon etishga, oilasiga, el-yurtiga xizmat qilishga qodir insonga aylanadi.

Muloqotda har bir yigit-qiz imkoniyatlarga ega bo‘lib, hayotda munosib o‘rnini topsin, degan ulug‘ niyat bildirildi. Mamlakat yoshlari bilan muloqot asnosida ilgari surilgan barcha tashabbuslarni ana shunday ezgu maqsad birlashtirib turibdi.

Har yili 500 ming o‘g‘il-qizning zamonaviy kasbga ega bo‘lishini ta’minlaydigan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Bu tizim yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini kuchaytirish, munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy holatidan qat’iy nazar, ularga teng va keng imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolat bo‘ladi.

Har yili 500 ming o‘g‘il-qizning zamonaviy kasb egallashi katta maqsad. Unga erishish mutasaddi davlat idoralariga, ayni paytda, parlamentimiz, deputatlarimiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Ayniqsa, Xalq demokratik partiyasi uchun yoshlarning kasb-hunarli bo‘lishi, jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy faol qatlamga aylanishi muhim siyosiy maslak hisoblanadi. Shuning uchun respublikadagi tashkilotlarimiz, barcha darajadagi deputatlik korpusimiz bilan birga izchil deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishni rejalashtirdik.

Chuqur bilimga ega, zamonaviy texnologiyalarni tushungan, ma’lum bir kasbning ustasi bo‘lgan yoshlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining barqaror va jadal bo‘lishiga zamin yaratadi.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish