Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish, xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kabi qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 178-moddasini yaroqlilik muddati o‘tgan yoki yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan tovarlarni realizatsiya qilish hamda sotishning oldini olishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan to‘ldirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Unga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan, shu bilan birga, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan tovarlarni sotganlik hamda sotish uchun qabul qilganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha jarimalar miqdorini uch baravargacha oshirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish bo‘yicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ko‘rib chiqish uchun tavsiya etildi.
Mazkur qonun loyihasining asosiy maqsadi kommunal soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, rag‘batlantirish hamda samaradorligini oshirishdan iborat bo‘lib, bunday islohotlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining elektorati manfaatlari uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining 190-sonli Konvensiyasida mehnat sohasida tazyiq, zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikka qarshi samarali huquqiy kafolatlarni joriy etish davlatlarning muhim majburiyatlaridan biri sifatida belgilangani qayd etildi.
Shu sababli ham Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ish joyidagi shahvoniy shilqimlikning barcha shakllarini qamrab olgan holda, ularni taqiqlashga qaratilgan normalarni milliy qonunchilikka kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qonunchilik taklifining asosiy maqsadi mehnat munosabatlarida inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta’minlash ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, deputatlar yig‘ilishda ratifikatsiya qilinishi nazarda tutilgan qonun loyihalarini ham ko‘rib chiqdilar.
Jumladan, 2021-yil 27-noyabrda Ashxobod shahrida qabul qilingan “Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toza energiya markazi ustavini ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.
Loyihaga ko‘ra, Toza energiya markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning faoliyati toza va qayta tiklanadigan energiya, suv va energiya resurslaridan samarali foydalanishni tashkil etish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, kadrlar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda olib olib borilishi ta’kidlandi.
Muhokamalar jarayonida fraksiya a’zosi A.Nurmatov markaz faoliyatining iqtisodiyot va aholi manfaatlariga taalluqli jihatlari, O‘zbekiston tomoniga qanday majburiyatlar yuklanishi haqida savollar bilan murojaat qildi.
Muhokamalar jarayonida yuzaga kelgan savollarga mutasaddilar va soha ekspertlari tomonidan izohlar berilgach, qonun loyihalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi yig‘ilishida ko‘rib chiqish uchun qo‘llab-quvvatlandi.