Fuqarolarning murojaatlarini tinglash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va muammolariga amaliy yechim topish xalq vakillarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda bankrot holatidagi “Ohangaronshifer” AJ ishchilaridan kelib tushgan murojaatlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, korxona ishchilarining mehnat haqi uch yildan buyon to‘lanmagan bo‘lib, bu holat ularning oilaviy sharoiti va ijtimoiy holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mazkur murojaat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Ulug‘bek Shermatov va Qizilgul Qosimovalar ishtirokida korxona ishchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida fuqarolarning muammolari tinglanib, ularning fikr-mulohazalari va talablari atroflicha o‘rganildi. Deputatlar tomonidan ushbu masala qonunchilik doirasida va mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganilib, tegishli choralarni ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Yakunda bankrotlik jarayonida ishchilarning mehnat huquqlarini ta’minlash, ularning ish haqi bo‘yicha qarzdorlik masalasini hal etish va murojaatni vakolatli tashkilotlar ishtirokida nazoratga olish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.