Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PQ-264-son qarori bilan deputatlarga “Tashabbusli budjet” doirasida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan birini tanlash imkoniyati yaratilgan.
Mazkur imkoniyatdan foydalanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Amudaryo tumani, “Olmazor” MFY hududidagi markaziy stadionni rekonstruksiya qilish loyihasi tanlab olingan.
Ayni vaqtda hududlarda aholi bilan uchrashib, muloqotlar o‘tkazayotgan xalq vakili – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Sayyora Imomova birinchi mavsumda tanlangan mazkur loyiha ijrosini ta’minlash maqsadida o‘rganish ishlarini olib bordi.
Jarayonda rekonstruksiya ishlarining joriy holati ko‘zdan kechirilib, mazkur zamonaviy va qulay sport inshooti aholi, ayniqsa, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.