Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya deputati Qizilgul Qosimova, xalq deputatlari Angren shahar Kengashi raisi Murod Xolmatov, shahar Kengashi deputati, Angren shahar hokimi Alisher Rayimov hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi shahar kengashi raisi Feruza Xoldorova “Kimyogar” mahallasidagi 13-son umumta’lim maktabida bo‘lib, yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida maktabda tashkil etilgan “Kelajak soati” mashg‘uloti kuzatildi. Unda o‘quvchilarga Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, yurt taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish, sifatli ta’lim olish, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
Shuningdek, o‘quvchi-yoshlar bilan muloqot o‘tkazilib, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta’lim olishi hamda iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida fikr almashildi.
Tadbir doirasida maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan “Prezident sovg‘alari” tantanali ravishda topshirildi.