O‘zXDP fraksiyasi: ish o‘rinlari va bandlik haqidagi raqamlar asosli bo‘lishi shart

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Hukumat vakillari, vazirlik va idoralarning mutasaddi mas’ullari ishtirok etgan yig‘ilishda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining joriy yil birinchi yarim yillikda bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining muhokama etildi.

Qayd etilishicha, 2026-yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot real o‘sish sur’ati 8,5 foizga yetgan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 506 ming aholi doimiy ishga joylashtirilib, rejaga nisbatan 121 foizga bajarilgani, 2 616 ming yoxud 139 foiz aholi daromadlari oshirilib, 546 ming, ya’ni 125 foiz norasmiy bandlar faoliyati legallashtirilgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, qurilish va boshqa qator sohalarda amalga oshirilgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumot berilgach, deputatlar Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari nuqtai nazaridan savollar bilan Hukumat vakillariga yuzlandi.

Xususan, hisobot yakunida fraksiya a’zosi Z.Akramova xorijiy investitsiyalar natijasida umumiy hisobda O‘zbekistondagi 20 ta tumanga 200 mln AQSH dollaridan ko‘p sarmoya kirib kelganligi, shuningdek, qiymati 1,4 mlrd AQSH dollarilik 25 ta loyihalarni ishga tushirish hisobidan 6,9 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilganligi aytilayotgan mazkur hisobotdagi raqamlar aholini ish bilan ta’minlash borasidagi ishlarda qay darajada o‘z aksini ko‘rsatayotgani, ishga muhtoj odamlar, ayniqsa, Xalq demokratik partiyasining elektorati bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga qanchalik manfaatli bo‘layotgani haqida atroflicha ma’lumot berishni so‘radi.

Deputat F.Sharipov hisobotda Davlat dasturi doirasida 436 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlangani va 1 ming 724 ta mahalla ishsizlikdan holi hududga aylantirilgani, ushbu band qilingan aholining qancha qismi barqaror, rasmiy va kafolatlangan daromad keltiradigan ish o‘rinlari bilan ta’minlangani, “Mahallabay” ro‘yxatdan o‘tkazilgan bu fuqarolarning keyinchalik yana ishsizlar qatoriga qaytib qolmasligi qanday nazorat qilinayotganini asoslab berishni so‘radi.

Fraksiyaning yana bir a’zosi Q.Qosimova hisobot davrida “Elektron retsept” axborot tizimi 3 ming 227 ta davlat shifoxonasi, 3 ming 464 ta xususiy shifoxona va 5 ming 503 ta dorixonaga ulangani, sog‘liqni saqlash tizimining izchillik bilan raqamlashtirilishi dori vositalarining noqonuniy aylanishi hamda shifokorlar o‘rtasidagi korrupsiyani uzil-kesil yo‘q qilishda muhimligini ta’kidlab, uning natijalari xususida batafsil axborot berilishini so‘radi.

Shuningdek, fraksiya a’zosi Sh.Ahmedov Davlat dasturining 52-maqsadida Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshooti quduqlarini ta’mirlash nazarda tutilgani, hozirgi kunda 14 ta quduqda ta’mirlash ishlari yakunlanib, 2 ta quduqda jarayon davom etayotgani aytib, mas’ullardan batafsil izoh so‘radi.

Deputat A.Temirov esa hisobot to‘g‘risida o‘z munosabatini bildirib, kelgusida keltiriladigan ma’lumotlarni yanada aniq berish, ayrim o‘rinlarda qayd etilgan statistik raqamlarning o‘zaro mutanosibligiga jiddiy e’tibor qaratishni taklif etdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida Hukumat hisoboti fraksiya a’zolari tomonidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari va partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib, qo‘llab-quvvatlandi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish