
Kecha partiyamiz Samarqand viloyati kengashi faollari, mahalliy kengash deputatlar va mas’ul idora vakillaridan iborat ishchi guruh Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lib, mavjud vaziyatni atroflicha o‘rgandi.
Ishchi guruh 21-MTTda vaziyat mutlaqo qoniqarsiz, degan xulosaga keldi. Bunga sabab qilib qator muammolarni ko‘rsatish mumkin. Masalan, autsorsing xizmatining talab darajasida emasligi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasida birorta rasmiy hujjat yo‘qligi, oshpaz tomonidan kunlik taomnoma tuzilmaganligi, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinmagani, hojatxonadagi vaziyat juda achinarli bo‘lib, qo‘l yuvish jihozlari butunlay yaroqsiz holga kelgan.
Bundan tashqari, muassasada tabiiy gaz yo‘q. Shu sababli oshpaz bolalarga ovqatni tashqarida o‘choqqa o‘t yoqib tayyorlar ekan.
Shuningdek, 61-MTTda ham bir qator muammolar borligi aniqlangan. Bu maskanda ham autsorsing xizmati qoniqarli emas. Shu kuni muassasa mudirasi o‘qishda, hamshira esa mehnat ta’tilida bo‘lganligi sababli, ishchi guruhiga bolalar salomatligi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi borasida hech qanday hujjat taqdim etilmagan.