Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tahlil va takliflarga boy bo‘ldi

 

Barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish, iqtisodiyotning muntazam o‘sishiga erishish, kambag‘allik sabablarini bartaraf etish bo‘yicha yurtimizda muhim dastur va loyihalar amalga oshirilyapti.

Shu bilan birga, kambag‘allikni qisqartirish, farovonlikka intilish masalalarida ilmiy yondashuvlarni kengaytirish, tahlillar asosida yangi taklif va tashabbuslarni shakllantirish dolzarb vazifaga aylandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham islohotlarning samarador bo‘lishi, hayotga tatbiq etilayotgan tashabbuslar ilmiy asoslangan va tizimli bo‘lishi uchun muntazam ravishda ilmiy doira vakillari, soha mutaxassislari ishtirokida muloqot o‘tkazib, aholining ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish masalalarini atroflicha tahlil qilib kelmoqda.

Bugun Samarqand shahrida “Kambag‘allikdan farovonlik sari: partiyaviy yondashuv va amaliy tashabbuslar” mavzusiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bu borada muhim platformaga aylandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov konferensiyani ocharkan, bir oila kambag‘alligining bitta emas, bir nechta sabablari bo‘lishini, shu oila barqarorlikka erishishi uchun har bir sababni alohida o‘rganish talab etilishini, bunda xalqaro tajriba va tadqiqotlar muhim ekanligini ta’kidladi.

Xalq demokratik partiyasi kambag‘allikni qisqartirish, inson kapitalini har tomonlama rivojlantirish, har bir insonga sharoit va imkoniyat berishdek ezgu harakat va tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayotgani, belgilangan maqsadlarga erishish partiyaning ustuvor siyosiy maqsadi ekani bildirildi.

Konferensiya ishida kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq bir qator masalalar atroflicha muhokama qilindi. Ilmiy-amaliy anjumanda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat va partiya siyosati samaradorligi, hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar natijalari, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab- quvvatlashning yangi mexanizmlari, fuqarolarning iqtisodiy faolligini oshirish omillari, ilmiy jamoatchilik va fuqarolik institutlarining bu jarayondagi o‘rni kabi mavzularda 20 dan ortiq ilmiy maqolalar taqdim etilgan.

Ochiq va qizg‘in ruhda kechgan anjumanda oliy ta’lim muassasalari olimlari, amaliyotchi ekspertlar, parlament quyi palatasi a’zolari, turli vazirlik-idoralar vakillari o‘zaro fikr almashdi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari: O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yondashuvi va amaliy tashabbuslari” mavzusidagi chiqishda qonunchilikda erishilgan natijalar, ustuvor dasturiy maqsadlar va amaliy tashabbuslar ochib berildi.

Konferensiya yakunlariga ko‘ra, kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Ilmiy-amaliy asoslangan xulosalar partiya dasturlari va davlat siyosatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Ilmiy jamoatchilik va siyosiy institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha yo‘l xaritalari shakllantiriladi.

Bunday ilmiy anjumanlarda ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan xulosalar partiya dasturlari va davlat siyosatini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi tabiiy.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish