
Kecha Prezident Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurdi hamda o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi. Tadbirda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va murabbiylarni yanada qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, xorijiy investorlar bilan erkin muloqot qilish uchun chet tillarini o‘qitish juda muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra ko‘paytiriladi. Umuman, kelgusi yildan yangi raqamli platforma ishga tushiriladi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab maktab davrida o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. Bir so‘z bilan aytganda, maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar istasa texnikumga yoki oliygohga kira oladigan bo‘ladi.
Tadbirda pedagoglarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surildi. Masalan:
- yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi;
- kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;
- kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi;
- fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanishi belgilanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, tadbirda asosiy e’tibor o‘qituvchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularga munosib sharoit yaratish masalasiga qaratildi. Darhaqiqat, ustozlik sharafli vazifa. Uni sidqi-dildan ado etish, yoshlarga chuqur bilim berish uchun ularga barcha imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining har bir bo‘g‘ini, har bir deputati va mas’ullari yurtimizda o‘qituvchilik maqomini yuksaltirishga, ularning mehnatini qadrlashga qaratilgan islohot va tashabbuslarni qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi.
Badriddin NASRIYEV,
O‘zXDP Samarqand viloyati kengashi raisi,
viloyat Kengashi deputati.