O‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlar doimo e’tiborimizda
O‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlar doimo e’tiborimizda

 

Yurtimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlash, sifatli ta’lim va tibbiy xizmat, bolalar, xotin-qizlar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini oshirish yo‘lidagi islohotlarning qamrovi hamda samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2023 yil 27 dekabrda qabul qilingan “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga chiqarishda dasturulamal bo‘layotir.

Qarorda ehtiyojmand qatlam vakillarini aniqlash tartib-tamoyillarini optimallashtirish va raqamlashtirish, ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarning salomatligi va turmush sifatini yaxshilash orqali ularning ijtimoiylashuvini ta’minlash kabi muhim vazifalar ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda shaffoflikka erishish hamda inson omilini kamaytirish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot xizmati joriy etilgani ayni muddao bo‘ldi.

Aytish o‘rinliki, ehtiyojmand qatlamlarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam berish tartibi raqamlashtirilgani o‘zining amaliy natijasini ko‘rsatmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyatida bugungi kunda mavjud 847 ming 350 ta oilaning 232 ming 248 tasiga yoki 27.4 foiziga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam tayinlandi.

Kambag‘allikni qisqartirish, ishsiz aholi vakillari uchun daromad manbaini yaratish chora-tadbirlari samarasi o‘laroq shu yilning boshida hududimizda 9 ming 757 ta oilaning ijtimoiy ahvoli yaxshilangani aniqlandi. Jumladan, 8 yarim mingdan ziyod oilaning daromadi belgilangan mezondan oshdi.

Bundan tashqari, yuqoridagi qaror ijrosi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

O‘zXDPdan viloyat va tuman kengashlariga saylangan deputatlar tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda, olib borilayotgan o‘rganish ishlarida bu yo‘nalishda erishilayotgan salmoqli natijalar qatorida dolzarb vazifalar ham o‘z yechimini kutayotgani ma’lum bo‘lmoqda.

Birinchi navbatda yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning mohiyatini, sohadagi yangiliklarni aholiga, ayniqsa, tog‘li va uzoq manzillarda yashovchi fuqarolarga yetkazish zarurati sezilyapti.

Bundan tashqari, nogironligi bor shaxslarni elektron yuritmali maxsus aravacha bilan ta’minlash ko‘rsatkichlari talabga javob bersa-da, protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini muhtojlarga yetkazib berish jarayonini yaxshilash kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumki, Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari huzurida 11 nafar mutaxassisdan iborat yagona psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tashkil etildi. Mazkur komissiya har hafta joylarga chiqib, sayyor qabullarni yo‘lga qo‘ysa, xalqqa yaqinlashsa, imkoniyati cheklangan hamyurtlarimiz uchun har taraflama qulay bo‘lar edi.

Yana bir masala. Hozirda IHMAning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda faol videomuloqotlari bo‘lib o‘tmoqda. Interaktiv shakldagi bunday muloqotlarni mahalliy tele va radiokanallarda ham tashkil etish zarurati haqida murojaatlar kelib tushyapti. chunki ko‘p hollarda nogironligi bo‘lgan fuqarolar televizor va radio vositalari orqali axborot oladilar.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi keksalar va nogironligi bor shaxslarni sanatoriylarga yo‘llanma uchun navbatga olish “IHMA Sanatoriy” moduli orqali amalga oshirilmoqda. Bunda pensionerlarga uch yilda bir marta bepul yo‘llanma olish imkoniyati mavjud. Keksa-nuroniylarimiz bilan uchrashganimizda ular sanatoriylarda bepul yo‘llanma asosida uch yildamas, ikki yilda bir dam olishga borishni istashlarini ko‘p ta’kidlaydilar.

Biz, xalq vakillari elektoratimiz tomonidan bildirilayotgan mana shunday takliflarni, muammolarni tegishli tashkilot-idoralarga yetkazib, ijtimoiy islohotlarning natijadorligi va manzilliligini oshirishga harakat qilmoqdamiz. Toki, viloyatimizda hech bir ehtiyojmand inson ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdan chetda qolmasin.

 

Shahlo XUDOYQULOVA,

O‘zXDP Qashqadaryo viloyat kengashi bo‘lim boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 23.7.2025, №29

 

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish