Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati joriy hafta ham qizg‘in muhokamalar bilan boshlandi. Dastlab siyosiy partiyalar fraksiyalarida ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari bo‘yicha keskin bahs-munozaralar bo‘ldi. O‘z navbatida Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ham qonun tashabbuskorlariga qat’iy pozitsiyalarini bildirdi. Tortishuvlar, e’tirozlar asnosida qayta ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan masalalar belgilandi. Ayrim takliflar ko‘pchilikning qarshiligi bilan rad etildi.
Dushanba kuni partiyamiz fraksiyasi a’zolari an’anaviy tarzda tanish xonada jam bo‘ldi. Rejaga ko‘ra, 10 ga yaqin qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ta’kidlaganimizdek, ba’zi masalalar bahs-munozaralarga boy kechgan bo‘lsa, ayrimlarining «taqdiri» oson hal etildi.
Qonun loyihasi fraksiyalardan o‘tmadi
Dastlab yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Qonun loyihasi bilan O‘zenergoinspeksiyaning ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati aniq belgilanmoqda. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga esa yoritish uchun elektr energiyasidan behuda, xo‘jasizlarcha foydalanish huquqbuzarligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolatini berish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga qonunga xilof ravishda ulanib, ularni o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Ushbu qonun loyihasida belgilanayotgan ba’zi me’yorlar fraksiya a’zolarining qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi. Xususan, deputat Qizilgul Qosimova ayrim jarimalarni oshirish bilan bog‘liq normaga e’tiroz bildirdi. Ta’kidlandiki, mazkur masalada qonunga taklif etilayotgan o‘zgartirish muammoning yechimi bo‘lolmaydi va mexanizm ishlamaydi. Shu bilan birga, undirilgan jarimalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetiga tushmasligi ham e’tirozlarni keltirib chiqaradi. Deputatga ko‘ra, jarimalar miqdori oshirilmasdan, o‘z holicha qoldirilishi haqiqatga yaqinroq bo‘ladi.
Fraksiya a’zolari belgilangan sanksiyani o‘zgartirish qonunning samaradorligiga qay darajada ta’sir qiladi, degan savol bilan murojaat qildi. Huquqbuzarliklarning oldini olish emas, maqsad jamg‘arma mablag‘larini ko‘paytirishdir, degan shubhalar ham yo‘q emasligi qayd etildi.
Tashabbuskorlarga ko‘ra, bir qator tajribalarda jarimalar miqdorining oshirilishi huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilgan. Chunki bugungi statistika yoqilg‘i-energetika sohasida huquqbuzarlikka moyillik ortganini ko‘rsatadi. Masalan, ayrim hollarda yuridik shaxslar atayin o‘zining tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirib, huquqbuzarlik sodir etish holatlari kuzatilmoqda. Shu va boshqa sabablardan kelib chiqib, kompleks javobgarlikni qo‘llash amaliyotini tatbiq etish zarur. Maqsad odamlarni jazolash emas, aksincha, javobgarlikni kuchaytirish orqali ularni qing‘ir ishlardan qaytarish ekaniga urg‘u berildi.
Izohlar, berilgan javoblar deputatlarni qoniqtirmadi. Fraksiya a’zolari jazolarni emas, profilaktik mexanizmlarni, huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish choralarni kuchaytirish zarurligi yuzasidan munosabat bildirdi. Bir qancha savollarning javobi ochiq qolgani sababli mazkur loyiha palata majlisiga kiritilmadi.
125 nafar deputat qaytarishni ma’qulladi
Endi, Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisiga e’tibor qarataylik. Kecha bo‘lib o‘tgan muhokamalar chog‘ida qonun loyihalarining ayrimlari qizg‘in e’tirozlarga uchradi. Masalan, rasmiy statistika sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi rasmiy statistika sohasida ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirish doirasida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirish hamda rasmiy statistikadan foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Muhokamalarda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Ayrim normalarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish zarurligi aytildi. Xususan, parlamentdagi muxolifat bo‘lgan partiyamiz fraksiyasi qonun loyihasida nomuvofiqliklar borligini ta’kidladi, kamchiliklarni bartaraf qilish taklifini ilgari surdi. O‘z navbatida qonun tashabbuskorlari ko‘tarilgan masala yuzasidan fikr-mulohaza hamda munosabatlarini bildirdi. Qizg‘in bahs-munozaralar yakunida qonun loyihasi maromiga yetkazilishi uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Avtomobil yo‘llarini rejalashtirish zarurati
Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz. Bugungi zamon talablaridan biri aynan avtomobil yo‘llarini rejalashtirish mexanizmini amaliyotga joriy etishni talab qilmoqda. Gap shundaki, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar ekspertlar tomonidan atroflicha o‘rganilgan. Natijada avtomobil yo‘llarini me’yoriy tartibga solish borasida bir qator muammolar mavjudligi aniqlangan.
Masalan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridagi tirbandlikni kamaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatish imkonini beruvchi avtomobil tarmog‘ini yaratish bilan bog‘liq masalalarni hal etish kechiktirib bo‘lmas darajaga yetgan. Qolaversa, transport sohasidagi axborot tizimlari bilan integratsiya masalalari tartibga solinmay qolayotgani ham qonunchilikka yangi me’yorlar joriy etishni taqozo qilmoqda.
Joriy hafta avvalida muhokamaga kiritilgan qonun loyihalari orasida ushbu masalalarni qamrab olgan tashabbus ham o‘rin olgan edi. Ya’ni, tashabbuskorlar amaldagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun bugungi kunga kelib, mavjud muammolarni to‘liq hajmda huquqiy tomondan tartibga solish imkonini bermaydi, degan fikrni ilgari surmoqda. Shu nuqtai nazardan yangi tahrirdagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan «avtomobil yo‘llarini rejalashtirish» mexanizmi joriy etilib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasiga kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo‘llarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti belgilanmoqda. Yo‘llarda katta hajmli hamda og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinishi, ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirishga oid talablar ham qamrab olingan.
Aytish kerakki, amaldagi qonunchilik bilan davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘l infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb qilish, pullik asosda muqobil avtomobil tarmog‘ini yaratish, yo‘l sohasidagi axborot tizimlari bilan integratsiya masalalarini tartibga solish kabi jihatlar ham ko‘rsatib o‘tilmagan. Umuman olganda, pullik avtomobil yo‘llarini joriy etishning qonunchilik bazasi mavjud emas.
Qayd etilishicha, yo‘l sohasiga investitsiyalarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish pullik yo‘llarni loyihalash, qurish, rekonstruksiya hamda ekspluatatsiya qilish va ulardan foydalanish uchun ajratiladigan budjet mablag‘larini (xarajatlarini) sezilarli darajada kamaytiradi.
Shu va boshqa bir qator jihatlarni inobatga olgan holda, hamda yo‘l infratuzilmasida davlat boshqaruvini takomillashtirish maqsadida avtomobil yo‘llari sohasini tartibga soluvchi qonunchilikni yangilash taklifi dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratiga alohida e’tibor qaratdi. Loyihada nazarda tutilayotgan ayrim me’yorlar bo‘yicha savollar o‘rtaga tashlandi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib, bildirilgan ayrim takliflar qonun loyihasini takomillashtirish va maromiga yetkazishda inobatga olinishini qayd etdi.
Muhokamalar yakunida loyiha birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Qarzdor kreditorlarga bo‘lgan talablar yangilanadi
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda banklar balansida 6,5 trln so‘mlik 3 mingta mol-mulk sotilmasdan harakatsiz holda turibdi. Vaholanki, bu kreditorlarning bank balansiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan qarzdorliklari. Biroq auksion savdosida sotilmagan mol-mulkni bank balansiga o‘tkazishda mulk egalarining soliq qarzdorliklari va ma’muriy jarimalari mavjud bo‘lsa, mazkur mol-mulkni bank balansiga o‘tkazishda muammolar bo‘ladi.
Misol uchun, Asaka bankda 7 ta, Turon bankda esa 3 ta holatda garov sifatida taqdim etilgan mol-mulk boshqa qarzdorliklar yuzasidan taqiqlar mavjudligi sababli bank balansiga olinmagan. Natijada, umumiy hisobda 115 mlrd so‘mdan ortiq muammoli qarzdorliklar undirilmasdan qolmoqda.
Joriy yilgi ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, jami 4 trln so‘mlik mol-mulklar auksion savdolariga qo‘yilgan bo‘lib, shundan 3 trln so‘mlik qismi yoki 75 foizi banklar, 14 foizi esa davlat foydasiga undiruvlarni tashkil qilgan. Ammo undiruvni garovdagi mulkka qaratishga oid ijro ishlari bo‘yicha auksion savdolarida sotilmagan mol-mulklar soni ham bir necha milliard so‘mdan oshadi.
Bu nimadan dalolat beradi? Gap shundaki, sud hujjatlarini ijro etishda muddati o‘tgan qarzdorlikni undirish mexanizmlarini takomillashtirish zarur. Shu bilan birga, auksionda sotilmagan mol-mulkni kreditorlarga o‘tkazishdagi muammolarni bartaraf qilish, kreditorlar huquqlarining ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan sud va boshqa organlar hujjatlarining ijrosi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari samaradorligini oshirish talab etilmoqda.
Shu kunlarda muhokama qilinayotgan kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi mazkur masalalarni qamrab olgan. Fraksiya yig‘ilishida hamda palata majlisida ko‘rib chiqilgan loyiha yuzasidan qator tushuntirish va izohlar bildirildi.
Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi idoralar tomonidan mol-mulklarga nisbatan qo‘yilgan barcha taqiqlarni davlat ijrochisining qarori asosida bekor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, davlat ijrochisining qarori unda ko‘rsatilgan shaxsga mol-mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (hisobga qo‘yish) uchun asos bo‘lib hisoblanishi nazarda tutilmoqda. Mol-mulk bo‘yicha mavjud majburiyatlar uning sobiq egasi – qarzdor zimmasida qolishi, biroq mazkur majburiyatlarni bajarishni undiruvchi ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga olgan holatlar bundan mustasnoligini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligi ta’minlanadi. Tabiiyki, ba’zi choralar yumshatilib, ayrimlari yuzasidan qat’iy me’yorlar o‘rnatiladi. Masalan, mol-mulkka nisbatan qo‘yilgan ta’minlovchi choralar davlat ijrochisining qarorlari asosida bekor qilinishi mumkin. Shuningdek, kredit tashkilotlarining muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari samarali himoya qilinishiga erishiladi.
Qonun loyihalari muhokamalarini kuzatar ekansiz, hech bir masala e’tibordan chetda qolmasligining guvohi bo‘lasiz. E’tiborlisi, ba’zi deputatlar o‘z pozitsiyasida, e’tirozida qat’iy qolib, asoslanmagan me’yorlarning qayta ko‘rib chiqilishi, qonunlarning hayotiyligi, ishlashini ta’minlovchi normalarga almashtirilishiga erishmoqda. Bu safargi yig‘ilishlarda ham ayni ruhiyat bilan ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari bo‘yicha tegishli va asosli qarorlar qabul qilindi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 9.7.2025, №27