Qashqadaryoda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ijtimoiy himoyasi muhokama qilindi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi so‘l qanot partiya sifatida muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy holatidan qat’iy nazar, bolalar uchun teng imkoniyat yaratish zarur, deb hisoblaydi. Partiyamiz dasturida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari himoya qilinishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar holati qandayligi borasida hududlarda o‘rganishlar olib borib, muammolarni hal qilish bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda.

Partiyaning Qashqadaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan “Etim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash tizimini takomillashtirish: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, viloyatda bugungi kunda 5879 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar istiqomat qiladi. Joriy yilda 2060 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga qonuniy vakillar biriktirilgan. Hozirda 174 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olmoqda.

Mas’ullarning keltirishicha, bu yil viloyatda 48 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar berilgan.

Viloyat bolalar uyida tarbiyalanib kelayotgan bolalarning oilasini surishtirish natijasida 12 nafar bola ota-onasiga, oilaviy hayotga qaytarilgan. Ota-onasiga yoki yaqin qarindoshlariga qaytarilgan bolalarning holati har oyda monitoring qilinib, yordam ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, 14-23 yosh oralig‘ida bo‘lgan yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarning 1407 nafariga “Individual integratsiya rejasi” asosida xizmatlar rejasi shakllantirilgan.

Suhbat davomida partiya faollari, deputatlar ayrim masalalarga e’tibor qaratdi.

Xususan, “Mehr” daftari orqali mablag‘ ajratish bo‘yicha 13 ta yo‘nalishdan 10 tasi ishga tushgani, ammo bu borada natijadorlikni oshirish zarurligi qayd etildi. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal qilish borasida ayrim sustkashliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish uchun tayyorlanish xarajatlarini qoplash haqidagi 26 ta murojaatning, o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlash uchun asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini xarid qilish tarzidagi ijtimoiy yordamni ko‘rsatish borasidagi 35 ta murojaatning hal qilinishi bo‘yicha deputatlik nazorati o‘rnatiladigan bo‘ldi.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari ota-ona qarovisiz qolgan voyaga yetmaganlarni o‘z vaqtida aniqlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish taklifini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ta’lim olayotgan va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan bolalar haqida “Inson” markazlariga tezkorlik bilan xabar berilishini tashkil etish borasida mas’uliyatni kuchaytirish zarur.

Shuningdek, vasiylikka, homiylikka, patronatga va oilaviy bolalar uylariga olingan bolalarni turli to‘garaklarga jalb etish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi, madaniyat va bandlik boshqarmalari bilan doimiy ishlash lozim.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasida mas’ul idoralar, mutasaddi tashkilotlar bilan doimo hamkorlikka tayyorligi ma’lum qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish