
Yoshlar nafaqat millat genofondining oltin zaxirasi, balki jamiyatimizning eng faol qatlami hamdir. Yangi O‘zbekistonda ularga bo‘lgan e’tibor, g‘amxo‘rlik qamrovi tobora kengayib bormoqdaki, bugun qaysi sohani olib qaramang, yoshlarimiz salohiyati, intilishi, shijoati bilan yuqori marralarni zabt etayotir. Ularning manfaatlarini ta’minlash, orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib, bu boradagi islohotlar davr talablariga uyg‘un ravishda yangi bosqichga chiqayotgani ayni haqiqat.
Shu yilning 30-iyun kuni Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotida mazkur jarayon sarhisob qilinib, galdagi ustuvor vazifalar, uzoqni ko‘zlagan va puxta takliflar ilgari surildi. Xususan, ilm-fan, ta’lim, sanoat, raqamli iqtisodiyot, sport, madaniyat hamda boshqa sohalardagi yutuqlar misolida yoshlar mamlakatning strategik taraqqiyotida hal qiluvchi o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimiz yoshlari ilmiy salohiyat borasida ham xalqaro miqyosda dadil qadam tashlamoqdalar. “TOP-500” universitetlarga kirishda Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallagan farzandlarimizning bugungi kunda 30 nafari “TOP-10”, 500 nafari “TOP-100” va 1500 nafari “TOP-300”dagi universitetlarda tahsil olmoqda. Buni mamlakat ta’lim tizimidagi izchil islohotlarning amaliy samarasi deyish mumkin.
Shu bilan birga Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etilib, eng iqtidorli o‘quvchilarga maxsus yo‘nalishlarda chuqurlashtirilgan ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli oliygohlarga kirgan yoshlarning moliyaviy qiyinchiliklarini yengillashtirish maqsadida yangi qoidalar joriy etilmoqda. Endi “TOP-300”ga kirgan yoshlar o‘qish va yashash xarajatlarini qoplash uchun grant va imtiyozli kreditlar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va startap sohalarida ham keng ko‘lamda ishlar olib borilmoqda. “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi, 100 ta texnologik loyiha, 145 million dollarlik venchur sarmoya va “Yoshlar venchur” jamg‘armasi orqali prototip yaratish imkoniyatlari — bular yoshlarning innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish uchun yaratilgan muhim mexanizmlardir. Maxsus tanlovlar, grantlar va ta’lim dasturlari orqali bilimli va tashabbuskor yoshlar moliyaviy hamda institutsional qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bundan tashqari, yoshlar bandligini ta’minlash va ularning iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida yil oxiriga qadar 292 mingta ish o‘rni yaratiladi. “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari orqali 240 ming nafar yoshni daromadli ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Hozirda yozgi ta’tilda bo‘lgan 3 million nafar yigit-qizni vaqtinchalik ishga jalb qilish uchun “Harakatda daromad” elektron tizimi tashkil etiladi.
Yosh kadrlarni davlat boshqaruviga jalb qilish ham kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar sirasiga kiritildi. “Kelajak liderlari” dasturi orqali har yili 100 nafar yosh maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, vazir va hokimlarga biriktiriladi, xorijda tajriba orttiradi. Bu kabi tashabbuslar davlat boshqaruvida bilimli, zamonaviy qarashlarga ega va mas’uliyatli kadrlar yetishib chiqishiga zamin hozirlaydi.
Davlatimiz rahbari nutqida bildirilgan har bir fikr, har bir tashabbus mazmun-mohiyatan dolzarb hamda kishini chuqur mushohadaga chorlaydi. Bu uchrashuv davlat siyosatining markazida inson kapitali, xususan, yoshlar turishini yana bir bor tasdiqladi. Zero, yoshlar bilan yaqindan, samarali ishlash, ularga hamisha va hamma masalada yelkadosh bo‘lish orqali Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini yaratamiz.
Gulnora MA’RUFOVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 9.7.2025, №27