2025-yilning yarimini bosib o‘tdik. Joriy yilga mo‘ljallangan rejalar bisyor. Hammasiga ulgurish, vaqtida nihoyasiga yetkazish kerak.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati ham ayni shu mezonlarga mos ravishda hamisha qizg‘in va qaynoq. Qonun loyihalari muhokamasi, hududlardagi o‘rganishlar, saylovchilarning murojaatlari bilan ishlash, so‘rovlar yuborish, eshituvlar, turli tadbirlar, siyosiy jarayonlardagi faollik. Deputatlar, xususan, fraksiyalar uchun esa qonun loyihalarining mazmuni, qonunchiligimizni elektorat manfaatlariga mos ravishda takomillashtirilishi hamisha ustuvordir.
Dushanba kuni siyosiy partiyalarning fraksiyalarida ko‘rib chiqilgan, ba’zilari tomonidan rad etilgan qonun loyihalari ham palata majlisi kun tartibidan o‘rin oldi. Bu fikrlar, qarashlar rang-barangligi bilan bog‘liq tabiiy jarayon bo‘lib, natija ovozlar soniga qarab belgilanadi. Ya’ni, har bir partiya o‘z elektorati, dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, masalaga yondashadi. Qonun ijodkorlari esa o‘z loyihasini qattiq himoya qiladi. Qizig‘i shundaki, ba’zida deputatlar ham ular tomoniga o‘tib olgandek, loyiha tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlaydi va qarshi chiqqan deputatlar fikriga aks misollar bilan qonun ahamiyatini isbotlashga urinadi. Vaholanki, ayrim qonun loyihalari ustida uzoq ishlash, hatto qayta yozishga ehtiyoj bo‘ladi. Kecha ham ayni holat kuzatildi.
Fraksiya nega loyihani qo‘llab-quvvatlamadi?
Keling, dastlab partiyamiz fraksiyasi e’tiroz bildirgan qonun loyihasining mazmuni va nega rad etilganiga oid masalalarga to‘xtalsak. Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridan foydalanuvchilar, ijarachi va ikkilamchi ijarachilar uchun jarima joriy etilishini ham nazarda tutmoqda.
Xususan, dala chetlaridan foydalanuvchilar, ijarachi va ikkilamchi ijarachilar tomonidan dala chetlarida, shuningdek, dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari (irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari mintaqa zonasidagi yerlar bundan mustasno) atrofidagi maydonlarda maqbul ekinlar ekish hamda yil davomida mahsulot yetishtirish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmasligi fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi taklif etilgan.
Fraksiya yig‘ilishida deputat Anvarxon Temirov qonun loyihasidagi ayrim normalar qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, yer resurslaridan samarali foydalanish, fermerlar, ayniqsa, ijarachilar huquqlarini mustahkamlashga xizmat qilmasligini ta’kidlab, loyiha Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlariga mos kelmasligi haqida pozitsiya bildirdi.
Yana bir deputatimiz Qizilgul Qosimova loyihada nazarda tutilgan jarima qo‘llash amaliyotiga qarshi chiqib, agentlik jarima qo‘llashga intilish orqali qo‘liga kaltak olayotganini, ammo maqsad jazolash emas, yerdan unumli foydalanish bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Dala chetlaridan foydalanuvchilar, ijarachilarni jarima qo‘llash bilan hafsalasini pir qilish emas, odamlarni mehnatga, natijaga rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish haqida o‘ylashni taklif qildi.
Palata majlisida fraksiya a’zolarining fikr va mulohazalari asosida shakllantirilgan qat’iy pozitsiya bildirildi.
XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatovning ta’kidlashicha, qonun loyihasini tayyorlashda bir tomonlama yondashuvga yo‘l qo‘yilgan. Natijada fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda yerdan foydalanuvchilar uchun bir qancha moliyaviy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli qonun tashabbuskorlarining e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Birinchidan, qonun loyihasining mazmuni faqat talab belgilash va jazolash bo‘lib qolgan. Bunda ikkinchi tomon, ya’ni, yerdan birlamchi va ikkilamchi foydalanuvchi shaxslarning manfaatlari ta’minlanishini nazarda tutuvchi aniq mexanizmlar ochib berilmagan.
Misol uchun, loyihaning mazmuniga qaralsa, fermer xo‘jaligida 100 gektarlik joy bo‘lsa, shundan 2 gektari dala cheti deb hisoblanadi. Aytaylik, shuning bir gektari obyektiv yoki subyektiv sabablarga ko‘ra, foydalanilmay qolsa, bu holatda 100 gektar maydon jarimga tortiladi hamda soliqlar uch karra ko‘proq to‘lanishi ko‘rsatilmoqda. Fraksiya fikriga ko‘ra, bunday yondashuv sohani qo‘llab-quvvatlash o‘rniga korrupsion holatlarni keltirib chiqaradi.
Ikkinchidan, dala chetidagi yerlarni ikkilamchi ijara asosida foydalanishga olayotganlar, odatda kam ta’minlangan yoki fermer xo‘jaligi xodimlari bo‘ladi. Lekin loyihada faqat jazolash chorasi aks etishi kambag‘al oilalarni qay darajada himoya qilishi mumkin, degan savolni ochiq qoldirmoqda.
Uchinchidan, jazolashga oid qonun loyihasini ishlab chiqishdan avval fermer va dehqon xo‘jaliklari yerlarining qaysi qismi dala cheti hisoblanadi, degan elementar savolga aniqlik kiritilishi lozim. Ammo qonun loyihasida bu masalaga ham javob berilmagan.
Fraksiya a’zolarining fikricha, yer egalarini jarimalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jazolash emas, balki ularning yerdan yanada samarali foydalanishi uchun qo‘llab-quvvatlovchi normalar kiritilishi maqsadga muvofiqdir.
Aytish kerakki, boshqa partiyalardan ham e’tiroz bildiruvchilar bo‘ldi. Muhokama savol-javoblar bilan uzoq davom etdi. Yakuniy ovoz berish natijalari betaraflar, ovoz bermagan bo‘lganini ko‘rsatdi. Biroq qonun loyihasi 22 ta qarshi ovoz bilan birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.
Yagona huquqni qo‘llash amaliyoti
Palata majlisini, fraksiyalar yig‘ilishini kuzatar ekansiz, lug‘atimizga yangi so‘zlar bilan birga yangicha atama va qarashlar ham kirib kelmoqda. Va bularning barchasi qonunchilikda ham aks etyapti. Hafta avvalida bo‘lib o‘tgan qonun loyihalari muhokamalarida bu yana bir bor ko‘zga tashlandi. Masalan, “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinib, mulohazalar bildirildi. Loyihada hududiy yoki sohaviy miqyosda yangi qonunchilik normalarini tajriba tariqasida joriy qilish ko‘zda tutilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Bunday yondashuv qonunlarning hayot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilgan qonunga ko‘ra, huquqiy eksperiment o‘tkazish shakllari va usullari, uni tashkil etish hamda o‘tkazish shartlari, huquqiy eksperiment natijalarini baholash tartibi, shuningdek, ularni rasmiylashtirish bo‘yicha talablar belgilanmoqda.
Shuning o‘zigina emas, albatta. Loyihada muayyan tartib-taomilni huquqiy eksperimentdan o‘tkazish vaqt, hudud va shaxslar doirasi bo‘yicha olib borilishi, huquqiy eksperimentni o‘tkazish bosqichlari nazarda tutilmoqda.
Tashabbuskorlarning so‘zlariga qaraganda, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida kelib tushgan taklif va fikrlar e’tiborga olinib, loyiha matniga zaruriy o‘zgartish va aniqliklar kiritildi.
Jumladan, cheklangan sohalarning umumiy mezonlari aniqlashtirildi. Qolaversa, insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini cheklaydigan, bekor qiladigan yoki yomonlashtiradigan eksperimentlarga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilandi.
Bundan tashqari, huquqiy eksperiment o‘tkazishdagi vakolatli organlar roli kengaytirilishi hamda Vazirlar Mahkamasining muvofiqlashtiruvchi roli ham aniq belgilab qo‘yilmoqda. Davlat organlari vakolatlari va fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtiroki alohida bobda aks ettirildi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish bo‘yicha yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlashga, turlicha talqin va murakkabliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Palata majlisi yoki fraksiya yig‘ilishini kuzatar ekansiz, deputatlarning e’tirozlari hamda bildirgan fikrlari asosli ekanini anglaysiz. Chunki har bitta o‘zgarish ortida xalq borligi inobatga olinishi shartligi, qonun hamma uchun birdek manfaatli bo‘lishi zarurligi ta’kidlanadi. Xususan, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi qonun loyihalarining ijtimoiy ahamiyati va amaliy natijadorligi yuzasidan fikr bildiradi. Qonun tashabbuskorlarining aybini topish emas, ular bilan hamkorlikda kamchiliklarni bartaraf etish tarafdori ekanini tushuntiradi. Ayni shu shartlar bilan yana bir qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga yetib kelgan.
Bilamizki, mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, huquqni qo‘llashda yagona amaliyotni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqaruvchi hamda aholi va tadbirkorlarning ortiqcha sarson bo‘lishiga sabab bo‘luvchi ayrim normalarni chiqarib tashlash huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati yuzaga kelyapti.
Shundan kelib chiqib, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunni “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirish maqsadida aksiyalarni aksiyadorlik jamiyati bilan bir qatorda aksiyadorlar ham imtiyozli huquq asosida (to‘g‘ridan to‘g‘ri) sotib olishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, yig‘imlarni joriy etish tartibi faqat qonunlarda belgilanishi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, loyiha bilan Vazirlar Mahkamasining maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash vakolati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazilmoqda.
Deputatlarning takliflaridan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan o‘rmon fondi yerlarini onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq faqatgina o‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlariga nisbatan tatbiq etilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Majlisda ushbu hujjat huquqni qo‘llashda yagona amaliyotni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qilishi qayd etildi.
Yuqoridagi har ikkala qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va Senatga yuborildi.
Shu bilan birga, majlisda qurilish materiallari sohasidagi texnik jihatdan tartibga solishni yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasining asosiy maqsadi chiqindilarning fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish va ulardan oqilona foydalanilishini ta’minlashdan iborat. Qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni qayta ishlash va qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, qonun loyihasi qurilish oynasi sifatini yaxshilash barobarida, mahalliy ishlab chiqarilayotgan qurilish oynasi eksporti hajmlarini yanada oshirish imkonini beradi.
Mazkur masalada ham savol-javoblar bo‘ldi. Deputatlar utilizatsiya yig‘imini joriy etish bilan bog‘liq me’yorning qay darajada o‘rganilgani bilan qiziqdi. Chiqindilarning qayta ishlanishi energetika sohasini rivojlantirishi, yangi ish o‘rinlari hosil qilishi bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi. Biroq yig‘imlar masalasidagi savollarga aniq javoblar hamda statistik ma’lumotlar keltirilishi zarurligiga urg‘u berildi.
Muhokamalardan so‘ng loyiha konseptual jihatdan ma’qullandi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 2.7.2025, №26