Yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar taraqqiyotimiz kafolati
Yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar taraqqiyotimiz kafolati

 

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq.

Shu ma’noda, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Kuni kecha milliy an’anaga aylangan uchrashuvlardan biri davlat rahbari Yoshlar kunida kelajagimiz bunyodkorlari bilan uchrashuvi chog‘ida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, salohiyati va iqtidorini yuzaga chiqarish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surdi, ilhomlantiruvchi misollar, mamlakatning ertangi kunini belgilashga qodir g‘oyalar va yechimlarni taqdim etdi.

Shuningdek, davlat rahbari iqtidorli yoshlar bilan muloqot qilib, ularning innovatsiya, “yashil” iqtisodiyot, kreativ sanoat, tadbirkorlik va IT sohalaridagi ilg‘or ishlanmalari va yutuqlari bilan tanishdi. Tan olish kerakki, keyingi yillarda iqtisodiyot tez sur’atlar bilan o‘sib, barcha sohalarda imkoniyatlar ortib borayotganida, hech shubhasiz, yoshlarning ham munosib hissasi bor. Demakki, davlat rahbari tashabbusi bilan islohotlar boshlangan ilk kunlardanoq “ilm – tarbiya – innovatsiya” zanjirini yaratishga kirishilgani o‘z mevasini bera boshlagan.

Masalan, o‘tgan yili yurtimiz yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bilimli yoshlarimiz ilk bor top-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natija qayd etdi. Bugungi kunda 30 nafar yoshlarimiz dunyoning top-10 talik oliygohida, 500 nafari top-100 va 1 ming 500 nafari top-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.

Yaqinda butun yurtimizda barchamiz uzoq kutgan katta futbol bayrami bo‘lib o‘tdi. Xalqimizning 34 yillik orzusi ushaldi – milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Vaholanki, yaqin-yaqingacha umrini paxta dalasida o‘tkazgan oddiy oila farzandlari ilmda, sportda, boshqa sohalarda bunday yuksak marralarni egallashini tasavvur qilish ham qiyin edi. Bundan o‘n yil avval ham kasb-hunar kollejlarida tahsil olgan yoshlar birinchi navbatda uch tomonlama yolg‘on shartnomalarni to‘ldirish uchun sarson bo‘lgan bo‘lsalar, ikkinchi navbatda qo‘lida diplomi bo‘la turib ish topolmay yana sargardon bo‘lganligining guvohi bo‘ldik.

Ayni kuch-quvvatga to‘lgan, tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshlar ish izlab chet davlatlarda qurilishlarda, og‘ir sharoitlarda ishlashga majbur bo‘lgani ham haqiqat. Hozirgi kunda yurtimizda eng iqtidorli yoshlarni bag‘riga olgan Prezident maktablari, Al-Xorazmiy, el sevgan adiblar nomi bilan ataluvchi ijod maktablarining barchasi yoshlarga sifatli ta’lim berish va kasbga yo‘naltirish, ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yuksak e’tiborning amaldagi isbotidir.

Yurtimizning har bir mahallasida “Yoshlar bandlik dasturi” amalga oshirilmoqda. Yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilanayotganligi barchamizni quvontiradi.

Joriy yil fevral oyida o‘tgan uchrashuvda yoshlar uchun 40 dan ziyod yangi tashabbuslar e’lon qilinib, qariyb 500 million dollar ajratildi. Bu yil 35 milliard dollarlik 8 ming 300 ta loyiha ishga tushirilib, 292 mingta ish o‘rni yaratiladi. Yana 500 mingta ish o‘rni yaratadigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan. Ishlar boshlanishi bilan “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energiya, raqamli geologiya, texnologik minerallar, bio-injeneriya yo‘nalishlarida minglab mutaxassislarga talab paydo bo‘ladi. Shu bois, hozirdanoq bunday loyihalarga kadrlar tayyorlash boshlandi. Endi, bu ishlar maktabdan boshlanadi. O‘quvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant ajratiladi.

Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni ko‘tara olmaydi. Ammo qanchalik og‘ir bo‘lmasin, buning uchun zarur mablag‘ va resurslar yurtimizda izlab topilmoqda. Prezident mazkur xarajatlarni kelajak uchun qo‘yilgan eng samarali sarmoya deb hisoblab, ta’lim darajasi va sifati har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini ta’kidlamoqda.

Demakki, O‘zbekistonimizda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etiluvchi yoshlar qatlamiga “muammo” deb emas, balki yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaralmoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.

Bu borada xalq vakillari sifatida biz deputatlar ham yoshlar bilan hamnafas va hamfikr bo‘lib, joylarda o‘tkaziladigan har qanday uchrashuvda yoshlarning taklif va fikrlari asosida faol rivojlanish pozitsiyasi bo‘yicha o‘z yo‘l xaritamizga ega bo‘lishimiz kerak. Zero, siyosat davlat darajasida, imkoniyat bor, faqat birdamlikda ishlash va farovonlikka erishish talab etiladi!

 

Anvarjon NURMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish