Ijtimoiy davlatda siyosiy partiyalarning o‘rni qanday bo‘ladi?
Ijtimoiy davlatda siyosiy partiyalarning o‘rni qanday bo‘ladi?

 

Zamonaviy talqinga ko‘ra, ijtimoiy davlat birinchi galda fuqarolar uchun belgilangan minimal farovonlik va teng imkoniyatlarni ta’minlaydi. Bunday davlatda aholining har bir qatlamiga g‘amxo‘rlik qilinadi, inklyuziv rivojlanish va ijtimoiy adolat tamoyillari ustuvor bo‘ladi. Ijtimoiy davlat konsepsiyasi ilk bor XIX asr oxirida ilmiy muomalaga kirgan bo‘lsa-da, hozirgi davrda u dunyo davlatlari Konstitutsiyalarida mustahkam o‘rin olmoqda.

Ijtimoiy davlatni barpo etishda siyosiy partiyalarning roli va amaliy tajribasini turli davlatlar misolida ko‘rish mumkin. Yevropadan to Osiyo davlatlarigacha partiyalar turli tarixiy shart-sharoitlarda ijtimoiy davlat g‘oyasini olg‘a surib, uni amalda joriy etishga intilgan. Germaniya Federativ Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida Germaniya demokratik va ijtimoiy federal davlat ekani belgilangan. Shu bois bu o‘lkada turli siyosiy qarashlarga ega partiyalar ijtimoiy davlat tamoyillariga sodiq bo‘lib keladi.

Shvetsiya dunyodagi eng taraqqiy etgan ijtimoiy davlat modellaridan biri sifatida tanilgan. Bu modelni shakllantirishda mamlakatdagi Sotsial-demokratik ishchilar partiyasi (SAP) hal qiluvchi rol o‘ynagan. Shu asosda Shvetsiyada dunyoning eng qamrovli va adolatli farovonlik davlatlaridan biri barpo etildi – bolalar nafaqasi, uy-joy subsidiyalari, umumiy sog‘liqni saqlash, barcha uchun pensiya ta’minoti, bepul ta’lim kabi chora-tadbirlar keng joriy qilindi.

Yaponiya konstitutsiyaviy jihatdan o‘zini sotsial davlat deb atamasa-da, Konstitutsiyasining 25-moddasi davlat zimmasiga aniq ijtimoiy majburiyatlarni yuklaydi. Unda “har bir odam sog‘lom va madaniy hayot uchun zarur bo‘lgan minimal sharoitlarda turmush kechirish huquqiga ega. Har bir sohada davlat ijtimoiy farovonlik va xavfsizlikni kengaytirish uchun o‘z sa’y-harakatlarini amalga oshiradi”, deb ko‘rsatilgan.

Siyosiy partiyalar jamiyatning turli qatlam manfaatlarini ifoda etuvchi va davlat siyosatiga integratsiya qiluvchi institut sifatida ijtimoiy siyosatni shakllantirishning bosh subyekti hisoblanadi. Har bir partiya o‘zining mafkuraviy yo‘nalishi va elektorati intilishlaridan kelib chiqib, farovonlikni ta’minlash bo‘yicha turli yondashuvlarni taklif qiladi. Shu tarzda parlament va hukumatdagi partiyalar raqobati natijasida amaliy ijtimoiy siyosat qaror topadi.

Ijtimoiy tenglik va adolatni qaror toptirish uchun partiyalar parlamentda qonun va dasturlarni ilgari surib, ijtimoiy islohotlarga huquqiy asos yaratadi. Masalan, ish haqining minimal miqdorini belgilash, soliqlar orqali qayta taqsimot, bepul tibbiy xizmat va ta’limni joriy etish kabi choralar faqat siyosiy iroda orqali amalga oshadi. Bu borada partiyaviy pozitsiyalar farqlanishi mumkin: so‘l markazchilar, sotsial-demokratlar odatda davlatning rolini oshirib, turmush sifatini yaxshilash tarafdori bo‘lsa, o‘ng liberal va konservatorlar bozor mexanizmlari orqali farovonlikka erishishga moyilroq. Lekin oxir-oqibat, ularning barchasi ma’lum darajada aholining turmush darajasini oshirishga hissa qo‘shadi.

Partiyalar ijtimoiy qatlamlar o‘rtasida vositachidir. Masalan, ishchi-xizmatchilar, tadbirkorlar, ziyolilar – bularning har biri o‘z manfaati va muammolariga ega. Mana shu guruhlar partiyalar orqali siyosiy jarayonga ta’sir o‘tkazadi. Qolaversa, mazkur siyosiy tashkilotlar davlatning ijtimoiy siyosatini nazorat va tahlil qilishda ham muhim o‘rin tutadi. Muxolifat partiyalari hukumatning ijtimoiy sohadagi xatolari yoki e’tibordan chetda qolayotgan masalalarni ko‘tarar ekan, ularni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadi va islohotlarning amaliy natijadorligiga intiladi.

Asosiy qonunimizda belgilab qo‘yilganidek, Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi – har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish, inklyuziv rivojlanish va aholining barcha qatlami uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashdir. Bu ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda siyosiy partiyalar faol ishtiroki va raqobatini kuchaytirish zarur.

Harakatdan tashqarida emas, amalda ijtimoiy tashabbuslar tizimini shakllantirish kerak. Partiyalar faqat saylovoldi va’dalar bilan cheklanib qolmasdan, doimiy ravishda joylarda amaliy ijtimoiy tashabbuslarni ilgari surayotgan siyosiy kuchga aylanishi shart. Masalan, partiyalar o‘z fraksiyalari orqali parlamentda yangi qonun loyihalarini kiritishi, davlat budjeti muhokamasida ijtimoiy xarajatlar ulushini oshirish haqida keskin takliflar berib borishi ayni muddao.

Yana bir masala ilmiy tahlil va mutaxassislarni jalb qilish mexanizmini shakllantirish bilan bog‘liq. Partiyalarning ijtimoiy yo‘nalishini mustahkamlash uchun malakali ekspertlar, soha mutaxassislari bilan ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish zarur. Har bir partiya huzurida “Aql markazi” (think tank) vazifasini o‘tovchi tahliliy guruhlar faoliyat yuritishi mumkin. Bu guruhlar mazkur yo‘nalishda xorijiy tajribani o‘rganib, mamlakatimiz sharoitiga mos ijtimoiy islohotlar bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

Xulosa qilsak, Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurishdek ulug‘ maqsadni qo‘ymoqda. Bu siyosiy partiyalardan muhim harakatlantiruvchi kuch va tayanchga aylanishni taqozo etadi.

 

G‘olibjon MAHAMMADJANOV,

siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori.

«O‘zbekiston ovozi», 2.7.2025, №26

 

 

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish