Xorazm – shonli tarix va yangi islohotlar chorrahasi
Xorazm – shonli tarix va yangi islohotlar chorrahasi

 

2024-yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 6,4 foizga o‘sdi (mamlakat iqtisodiyotidagi 6,5 foizlik o‘sish fonida) va 51,26 trln so‘mni tashkil qildi. Ayni vaqtda viloyatning doimiy aholisi soni 2,03 mln. kishidan iborat.

Ushbu ko‘rsatkichlar bir necha ming yillik davlatchilik an’analariga ega bo‘lgan, boy o‘tmishi va madaniy merosi bilan butun dunyoga ma’lum va mashhur Xorazm viloyatiga taalluqli. Bugun hudud hayotiga nazar tashlasak, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida ishga tushirilgan yangi obyektlar, yirik transport infratuzilmasi va shaharsozlik loyihalarini ko‘rib ko‘z quvnaydi.

O‘tgan haftada davlatimiz rahbarining ikki kunlik tashrifi ham dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan Xorazmni yanada rivojlantirib, uning qadimiy shuhratini tiklash bo‘yicha katta-katta reja va maqsadlarga qanot bo‘ldi, deyish mumkin.

Prezidentimizning Xorazmga bu galgi tashrifi ham ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga, aholi farovonligini oshirish ishlariga yangi ruh, yangi sur’at bag‘ishladi.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatidan.

 

Rahimbergan YUSUPOV,

O‘zXDP Xorazm viloyat kengashi raisi:

– Avvalo, ta’kidlashim kerakki, davlatimiz rahbarining tashrifi davomida, uchrashuvlarda aytilgan har bir fikr, berilgan topshiriq va tavsiyalar zamirida inson manfaati ustuvorligi, turmush sharoitini yaxshilash, farovonlikni yanada oshirish maqsadlari mujassam bo‘ldi.

Prezidentimiz odamlardan istaklari, ishini rivojlantirish uchun zarur masalalar haqida so‘radi. «Urganch klaster»ning yangi korxonalarida tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi, ularning oylik maoshlari, mehnat sharoitlari bilan qiziqdi. Jamoatchilik bilan birga poyezdda Urganchdan Xivaga bordi. Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi.

Odamlar bilan hamnafas bo‘lishda gap ko‘p, aslida. Bu xalqimizda, yoshlarimizda ertangi kunga ishonchni mustahkamlaydi, maqsadlari sari qo‘rqmasdan dadil odimlashi uchun ruhlantiradi, albatta. Bugun xorazmliklar ana shunday katta ruh va ko‘tarinki kayfiyatda.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyatimizga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘paygan. Tizimda olib borilayotgan izchil islohotlar, sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017-yildagi 7 million dollardan 2024-yilda 380 million dollarga yetgan. Viloyatda sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqilgan va ularning umumiy soni yuztaga yetgan. Endilikda bular qatoriga «Arda Xiva» majmuasi ham qo‘shildi. Uning ochilishida davlatimiz rahbarining ishtirok etishi biz uchun muhim va unutilmas voqea bo‘ldi.

O‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan ushbu maskan hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurilgan. Bir paytlar g‘arib va qarovsiz yerlar o‘rnini endilikda ana shunday muhtasham majmua egallagani barchamizning yutug‘imiz, albatta.

Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi. Demakki, bularning barchasi uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotdagi yorqin ifodasi, deb bilaman.

Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Xorazm – shonli tariximiz bilan yangi islohotlarimiz tutashgan chorraha, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Logistika zanjirlaridan uzoqda, tabiiy resurslari cheklangan bu diyorda o‘tgan yili “Kichik va o‘rta biznes yili” bo‘ldi, deyish uchun barcha asoslarimiz bor”, - dedi davlatimiz rahbari.

2024-yili viloyatda 7 ming yangi tadbirkor ish boshladi, 47 ta korxona kichikdan o‘rtaga o‘tdi, 10 dan ortiq tadbirkorning aylanmasi 200 milliard so‘mdan oshdi. Bularning hisobiga viloyatda bir yil ichida 290 ming aholi ishli bo‘ldi. Lekin, katta o‘zgarishlarga qaramasdan viloyatda kambag‘allik hali ham 12 foiz atrofida, 45 ming fuqaro ishsiz ekani, aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan atigi 1 ta korxona borligi qayd etildi.

Shu bois, viloyat rahbariyati, 13 ta tuman hokimi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, yangi ish o‘rinlari yaratishi, sanoat, servis, turizm, qishloq xo‘jaligi, eksport salohiyatini yanada oshirish, ijtimoiy soha va infratuzilmadagi muammolarni hal qilish uchun qat’iyat va mas’uliyat bilan harakat qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda iqtisodiy kompleks masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, viloyatimizda 2025-yilda kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulotni 60 trillion so‘mdan oshirish, ishlab chiqarishni 6,5 foiz, savdo va xizmatlarni 15 foizga o‘stirish, 265 ming aholini band qilib, 104 ming odamni kambag‘allikdan olib chiqish asosiy vazifa bo‘lishi belgilandi.

“Eng asosiysi, bu ishlarning natijasini odamlar kundalik hayotida his qilishi kerak”, - dedi Prezident.

Yig‘ilishda qurilish va infratuzilma sohalaridagi vazifalar muhokama qilinar ekan, joriy yilda Xorazmda 12 trillion so‘mlik pudrat ishlarini bajarish, qurilishda 20 ming nafar aholini band qilish, 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy qurish, 1,5 ming kilometr yo‘l va 20 ta ko‘prikni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, 80 ta avtobus olib kelib, 6 ta yangi yo‘nalishni ishga tushirish maqsad qilib olindi.

Shuncha imkoniyat, yengillik aholiga barqaror daromad manbaini yaratishga, ish o‘rinlarining doimiyligi va kengayishiga asos bo‘lishidan ochig‘i, nihoyatda quvondim.

Umid qilamizki, yaxshi niyat bilan boshlagan ishlarimiz xayrli bo‘ladi, vazifalar sidqidildan bajariladi. Mendagi hozirgi xushkayfiyat butun xorazmliklar, butun xalqimizda bor, deb ishonaman. Chunki, har bir islohot, har bir reja, aynan bizning, sizning va xalqimizning manfaati uchun xizmat qiladi.

 

Gavhar IBODULLAYEVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

“El-yurt hurmati” ordeni sohibasi:

– Bugun Yangi O‘zbekiston shiddat bilan rivojlanayotganini, shunga monand uning bag‘ridagi har bir hudud ham nurli istiqbolning oydin yo‘liga chiqib olganini har bir vatandoshimiz yurakdan his qilib yashamoqda. Va ne baxtki, buni ma’rifatli dunyo ham tan olmoqda. Marralar, intilishlar, harakatlar ham shunga yarasha!

Joriy yilning 1-2-may kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi davomida bu jarayon yanada yaqqol namoyon bo‘ldi...

Tashrifning birinchi kuni Urganch temir yo‘l vokzalidan elektrlashtirilgan poyezd vagonida Prezidentimiz bilan hamrohlikda Xivaga yo‘l olar ekanmiz, yo‘l bo‘yi nuroniylar bilan bo‘lgan muloqotda davlatimiz rahbarining Xorazm eliga, uning shonli tarixi va buyuk ajdodlariga bo‘lgan cheksiz ehtiromi har bir so‘zida barq urib turganini yurakdan his qildim. 2026-yildan Toshkent – Xiva yo‘nalishida Jaloliddin Manguberdi nomidagi tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishini aytganlarida esa tafakkurimni g‘urur va iftixor chulg‘adi.

2023-yilda buyuk Jaloliddinning mahobatli haykali “Qoradali” oti bilan Urganch shahrining qoq markazida qad rostlagan edi. Endi uchqur qanot poyezd nomi bilan Xorazmga qaytmoqda. Bu orqali xalqimizning og‘ir, og‘riqli tarixi bilan bugungi yangi, saodatli tarixini bir nuqtada birlashtirib, o‘sib-unib kelayotgan farzandlarimiz uchun Vatanga muhabbat va sadoqatning, Vatan uchun jon fido qilganlar aslo unutilmasligining, bugungi saodatlar osmondan tushmagani, millat tinchligi, ozodligi uchun ne-ne ajdodlarimiz matonatli kurashlar olib borganining tasdig‘i, osoyishta va dorilomon kunlar shukronasining asl maktabiga asos solindi.

Tezyurar poyezd ishga tushadigan bo‘lsa, Toshkent shahridan chiqqan yo‘lovchi atigi yetti soatda Xorazmga yetib keladi! Yangi O‘zbekistondagi shiddatli islohotlarga hamohanglik bundan ortiq bo‘ladimi?

 

Haqiqatga aylangan afsonalar...

Poyezdimiz yigirma uch daqiqada Xiva vokzaliga yetib keldi. Endigi manzilimiz – Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan yangi turizm markazi – «Arda Xiva» majmuasi! 1997-yilda Xiva shahrining 2500 yilligi nishonlangan edi. Qadimiy Xiva qariyb shuncha davrda bugungiday qiyofa kasb etgan.

Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari tufayli olti oyda G‘ovuq ko‘li atrofidagi sayxon yerlarda Xiva “Ichanqal’a”sining egizagi – «Arda Xiva» sayyohlik markazi qad rostladi! Biz xorazmliklar Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan “Boqiy Samarqand” majmuasiga havas qilib yurgandik! Xorazmdagi «Arda Xiva» ham undan qolishmaydigan darajada - Yangi O‘zbekistondagi yaratuvchanlik, bunyodkorlik salohiyatining yuksak namunasi sifatida go‘yoki afsonalardagi dev-u pahlavonlar ko‘z ochib yumguncha, saroylar, koshonalar bunyod etgandagiday shahd-u shijoatni yodga soladi! Lekin bu yerda ertaklardagiday bir koshona emas, butun boshli bir shahar bunyod bo‘lgan! Ko‘rgan ko‘z ishonmaydi!

Xalqaro sayyohlik majmuasi vohaning turizm istiqbolida mutlaqo yangi sahifa ochib beradi. Shaharchada 1080 o‘rinli 5 ta mehmonxona, 13 ta mehmon uylari, bir yo‘la 2000 nafar kishiga xizmat ko‘rsatuvchi ochiq va yopiq akvapark va attraksionlar, musiqiy favvoralar shu qadar mumtoz bir me’moriy ansambl hosil etganki, bu muhtasham go‘zalliklardan lol qolib suratlarga muhrlayotgan sayyohlarni tushunsa bo‘ladi. Ularga boqib, shoir ko‘nglim yana jo‘shadi, to‘lib-toshadi: Mayli, ular yurtimizning betakror qiyofasi aks etgan suratlarni o‘z vatanlariga olib ketaverishsin, lekin asl «Arda Xiva» bizniki, u Prezidentimizning Xorazm eliga noyob, bebaho, beqiyos tuhfasi bo‘lib, asrlarga tatiydi!

Bu hayratomuz, maftunkor go‘shada tarix muzeyi, Sharq bozori, savdo do‘konlari, 9 ta restoran, 5 ta kinoteatr va konsert zallari, ko‘rgazmalar pavilyoni, zargarlik markazi, hunarmandchilik uylari, suv mototurizmi va qayiqlarda sayr qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Ular bag‘rida kelajak avlodlar yayrab-yashnaydi. Vatanning shu mo‘jizaviy go‘shasidan sarbaland orzulariga qanot oladi. Bo‘yi- bastini, maqsadlarini ulug‘vor Vatanga qarab rostlaydi.

 

Ilm-u ijod – yuksalishlar garovi

Prezidentimiz bilan biri-biridan hashamdor, milliy va zamonaviy me’morchilik andozalari uyg‘unlashgan binolarni aylanib, yangi xususiy mehmonxona hovlisida ancha turib qoldik. Xalqimizning ilmiy salohiyati, yuksak tafakkuri bilan dunyoga tanilgani, Urganch shahrida Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish haqidagi qarorga imzo chekkanlari, bu dargohda chet davlatlar oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda yuqori darajadagi ta’lim jarayoni tashkil etilishi, o‘qishlar o‘zbek va ingliz tillarida olib borilishi, dastlab ikki yuz nafar, keyiingi yillarda talabalar soni to‘rt-olti ming nafarga yetishi, Toshkentdagi Al-Xorazmiy matematiklar maktabining filiali shu yerda ish boshlashi xususida so‘z yuritilar ekan, har tomondan xorazmliklarning rahmatlari, minnatdorlik so‘zlari yangrardi.

Ayniqsa, yerdan o‘ttiz bir metr balandlikda bunyod etiladigan Al-Xorazmiy bobomiz haykali Xorazmning yana bir tashrif qog‘oziga aylanadi!

Shu daqiqalarda men uchun ham eng hayajonli lahzalar sodir bo‘ldi. Yurtboshimizning ijod ahli oldidagi vazifalar haqida to‘xtalib, bildirgan fikrlari yuragimda aks-sado berdi: haqiqatda, muqaddas Xorazm tuprog‘ida insho etilgan – “Avesto”dan tortib, to hanuzgacha yaratilayotgan durdona bitiklar - bu zamin kishilarining qonida, jonida yashab kelayotgan, ajdodlardan avlodlarga bexato, benuqson o‘tayotgan bebaho tafakkur va salohiyatning, benazir iste’dodning rad etilmas kafolatidir!

Kindik qoni shu zaminga to‘kilib, nomi butun jahonni zabt etgan buyuk Xorazmiy bobolarimiz ilm bilan barobar hikmat va she’riyatni ham birdek aziz tutganlar!

O‘shal qutlug‘ o‘zanlardan suv ichib, quvvat olib, adabiyot bo‘stonida har doim o‘z so‘zini aytib kelgan el bu! Prezidentimiz tashrifiga ustoz adibimiz Qurbon Muhammadrizoning “Al-Xorazmiy” tarixiy romani yozib tugallangani quvonchli tuhfa bo‘ldi!

Davlatimiz rahbarining “Adabiyot - xalqning yuragi” degan yuksak e’tirofi qalam ahlining qadr-qimmatini, e’zoz va ehtiromini eng baland shohsupaga olib chiqdi.

Hammamizni birdek maftun etayotgan “Adiblar xiyoboni” da hazrat Navoiyga yondosh qilib Ogahiy bobomiz haykali o‘rin olgani, tarjima sohasida Ogahiy nomidagi Xalqaro mukofot ta’sis etilganiga aks-sado o‘laroq Xorazmda bugun ham kuchli adabiy muhit hukmron. 2020-yildagi tashrifi chog‘ida Prezidentimiz Xiva xonlari haqida ilmiy va badiiy asarlar yaratish xususida aytib o‘tgan edilar. Ushbu da’vatdan ilhom va shijoat olgan adiblarimiz milliy adabiyotimiz xazinasini Xiva xonligi tarixiga oid uchta trilogiya, Ollaqulixon, Feruz, Temirg‘ozi to‘ra, Abulg‘ozi Bahodirxon haqidagi tarixiy romanlari bilan boyitdilar.

 

Barmog‘imdan tanga engan jonim-lazgim...

Keyingi manzilimiz 3000 o‘rinli amfiteatr bo‘ldi. Davlat rahbarining tabrigi yig‘ilganlarning yuraklariga bu kunning mazmuni va mohiyatini, saodati va shukronasini, baxt-u tarovatini muhrladi.

Darvoqe, moziy tamaddunining oltin beshiklaridan sanalgan Xorazm tarixi, buyuk allomalar, sheryurak bahodirlar, shoir-u fuzalolar siymolari aks etgan lavhalar dillarimizni faqat odam bolasigagina ato etilgan buyuk iftixor tuyg‘usi bilan siyladi.

«Arda Xiva» majmuasida namoyish etilgan konsert dasturi madaniyat, san’at olamida biz yetib kelgan marralarning haqiqiy in’ikosi, bayramlarning gultoji bo‘ldi! Avj pardada yangragan “Xorazm lazgisi”ning ta’rif-u tavsifiga esa shoirlar qalami ojiz.

Bugun dunyo xalqlari sevib tinglayotgan, shodlanib raqs tushayotgan “Xorazm lazgisi” bejiz YUNESKOning nomoddiy-madaniy meros ro‘yxatiga kiritilmagan. Muazzam sahnadagi ijrolar bir yon bo‘lsa, tadbirga taklif etilgan chet ellik sayyohlarning raqslari bir yon bo‘ldi!

Mening esa qalbim g‘urur va iftixor, shukronalik tuyg‘ulariga to‘lib borar, dil izhorlarim xuddi shu “Xorazm lazgisi”ning xonishlari yanglig‘ yuragimdan otilardi.

 

«O‘zbekiston ovozi», 7.5.2025, №18

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish