Yagona uyimiz
Yagona uyimiz

 

2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili

 

Tirikligimiz, rizq-u ro‘zimiz, nasibamiz – hamma-hammasi ona yer bilan bog‘liq. Quyosh tizimida hayot mavjud bo‘lgan yagona va betakror sayyora – Yer insoniyatning necha ming yillik o‘tmishi, buguni va kelajagiga guvoh. Bu sayyoradagi jamiki insonlar uchun Yer yagona uy hisoblanadi.

Afsuski, ilm-fan va texnik taraqqiyotning yuksak cho‘qqilariga intilayotgan odamzot bugungi kunda bebaho ne’mat – yerning hamda undagi beminnat ne’matlarning qadriga yetyapti, deya olmaymiz. Yer resurslari cheklanganligini, uni asrab-avaylamay, ziyon yetkazishda davom etaversak, kelajak avlod hayotini tahlikaga qo‘yishimiz mumkinligini ko‘p hollarda yoddan chiqarayotgandekmiz. Vaholanki, tabiat va yerga shafqatsiz munosabatning “meva”larini hozirdanoq ko‘rib turibmiz: iqlim o‘zgarishlari, o‘rmonlarning qisqarishi va cho‘llanishning jadallashgani, muzliklarning erishi, nabotot hamda hayvonot olami turlari kamayib borayotgani – bular barcha davlat va jamiyatni hushyorlikka chorlamoqda.

Shu bois ham yerni asrash va undagi muammolarga bani basharning e’tiborini qaratish har qachongidan dolzarb. Har yili 22-aprel (2009-yilda BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida 50 dan ortiq davlat vakillari tomonidan ma’qullangan) jahon bo‘ylab Xalqaro Yer kuni sifatida keng nishonlanib kelinishi zamirida turli qit’adagi insonlarni sayyoramizni himoya qilishga chorlash maqsadi mujassamdir. E’tiborlisi, bu sana mamlakatimizda ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda o‘rmon resurslari cheklangan. Umumiy yer maydonining 10,6 foizini tashkil qiladigan o‘rmonzorlarni yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari ayni paytda izchil olib borilmoqda. Bunga misol sifatida Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish hajmi keskin ko‘paytirilayotganini keltirish mumkin. Yoki “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimiz hududlarida har yili 200 millionga yaqin ko‘chat ekilib, cho‘llanish va shamol eroziyasini kamaytirish choralari ko‘rilayotgani e’tirofga loyiq.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2024-yil 27-martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida respublikaning 176 ming gektar yer maydonida o‘rmonzorlarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish jarayoni ketmoqda. 38,5 ming gektar yer maydonlarida yaylovlarni qayta tiklash, 15 ming gektar yer maydonida suvni tejash va tog‘ o‘rmonlarida tuproq eroziyasiga qarshi kurashish, 14,2 ming gektar yer maydonlarida agroo‘rmonchilik tadbirlari bajarilmoqda. 5 ming gektar yer maydonida sanoatbop o‘rmonzorlar hamda 5 ming gektar maydonda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil qilish ishlari ham amalga oshirilyapti.

Statistikaga ko‘ra, global miqyosda har yili 7–8 mln gektar hosildor yerlar degradatsiyaga uchramoqda. Shuningdek, dunyo bo‘ylab har yili 24 mlrd tonna hosildor tuproq yo‘qolmoqda, bu esa oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid solyapti. Xuddi shunday, O‘zbekistonda ham ayrim hududlarda gumus miqdori 40-50 foizgacha kamaygan, bu esa tuproqning biologik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda yurtimizda yer islohotlarini takomillashtirish, yer resurslaridan foydalanish samaradorligini va qishloq xo‘jaligi yerlari unumdorligini oshirish, yaylovlar degradatsiyasining oldini olishning tashkiliy-huquqiy mexanizmini mustahkamlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bunga parallel ravishda BMT va boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda cho‘llanish jarayonlarini kamaytirish va barqaror agroekotizimlar yaratish loyihalari ro‘yobga chiqarilayotir.

Jumladan, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” Davlat dasturiga muvofiq ekologik muvozanatni ta’minlash, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiyasi”ni amalga oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va oqibatlarini yumshatish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash ishlari pirovardida yer va yer resurslaridan oqilona, maqsadli foydalanish borasida yangi tashabbuslarga turtki beryapti. Yerlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar talon-toroj qilinishining oldini olish, mazkur jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish orqali sohani raqamlashtirish sa’y-harakatlari sur’ati ham oshmoqda. Bularning bari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta asosiy g‘oyasi qatorida aholi uchun qulay ekologik sharoitni kafolatlashga xizmat qiladi.

Darvoqe, ushbu strategiyada yurtimizda yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, ekiladigan har bir daraxtni parvarish qilish va sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish, barcha zamonaviy megapolislardagi kabi, poytaxtimizda yashil maydonlar hududini 5 barobar ko‘paytirish, respublikada o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga, daraxt va buta urug‘lari tayyorlashni 840 tonnaga oshirish, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 2,3 million gektarga yetkazish, cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va haroratning ko‘tarilishiga qarshi chora sifatida jami 600 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish vazifalari belgilangan. Mazkur vazifalarning amaliy tasdig‘ini topishi yer ekotizimining barqarorligiga,biologik xilma-xillikning saqlab qolinishiga zamin yaratadi. Bu esa Yer sharidagi ko‘plab ekotizimlar zaxirasi deyarli butkul tugab, ortga qaytarib bo‘lmaydigan darajaga yuz tutgan, aholi nufusi o‘sib borayotgani kabi oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa sohalar rivojiga ehtiyoj kun sayin ortayotgan hozirgi vaziyatda eng to‘g‘ri yondashuvdir.

Unutmaylik, ona yer va uning boyliklarini kelajak avlodlarga meros qoldirish barchamizning insoniy burchimiz.

 

Sayyora ABDIKARIMOVA,

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zXDP a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 30.4.2025, №17

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish