Parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlari kengaymoqda

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining bugungi yig‘ilishida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyiha orqali o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgunga qadar o‘sha masalaga doir qonun loyihasining, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish, har chorakda “hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berish nazarda tutilmoqda.

Loyihadagi me’yorlar parlamentda siyosiy pluralizmni mustahkamlashga, fikrlar, pozitsiyalar xilma-xilligiga, muxolif fraksiyalarning huquq hamda vakolatlarini belgilashga xizmat qiladi.

Fraksiya a’zosi Firdavs Sharipovning fikriga ko‘ra, loyiha siyosiy partiyalar o‘rtasidagi konstruktiv raqobatni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyatini izchil rivojlantirish va parlament faoliyatining samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Loyiha bilan parlamentdagi muxolifat va unga kiruvchi fraksiyalar uchun aniq kafolatlangan huquq hamda vakolatlar nazarda tutilmoqda. Parlamentdagi muxolifat mustaqil ravishda qonun tashabbusi bilan chiqishi mumkinligi, Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlaridan hisobot so‘rash huquqiga, parlament qo‘mitalari va komissiyalarida faol ishtirok etish imkoniyatiga, muqobil takliflar kiritib, muhokamaga qo‘yish vakolatiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.

Deputatlar ta’kidlaganidek, bu loyiha xalq vakillari o‘rtasidagi institutsional muvozanatni ta’minlash, davlat boshqaruvida mas’uliyat va shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Majlis yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullanib, ikkinchi o‘qishda yanada takomillashtirish uchun yuborildi.

Fraksiya yig‘ilishida Hisob palatasining 2024-yilgi hisoboti ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, hisobot tahlili orqali qaysi soha va yo‘nalishlarda tizimli islohotlarga ehtiyoj borligini baholash, shunga zarur choralar belgilash imkonini beradi. Fraksiya a’zolari Hisob palatasi faoliyati samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza va takliflarini ham bildirishdi.

Fraksiya yig‘ilishida deputatlarning joylarda elektorat bilan o‘tkazgan uchrashuvlari yakunlari, oldinda turgan muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish