
El-u yurt uchun yagona najotni ta’lim-tarbiyada deb bilgan ma’rifatparvar jadidlarimizdan biri Abdurauf Fitrat «Hayot yo‘lida birinchi masala maktab masalasidir», deydi.
Darhaqiqat, taraqqiyotning tamal toshi maktablarda qo‘yiladi. Boshqacha aytganda, bu tabarruk maskanlarda ilm olib, kamolga yetgan, ong-u tafakkuri, dunyoqarashi yuksalgan, salohiyatli yigit-qizlar mamlakatning yorqin kelajagini barpo etadi. Barqaror rivojlanish yo‘lini tanlagan har bir davlat mavjud quvvatini, kapitalini aynan ta’lim istiqboliga sarf etishga intiladi. Eng bebaho resurs hisoblangan yosh avlod manfaatlarini ta’minlash uchun mablag‘ni ayamaydi.
Jumladan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ta’lim tizimini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim maqsad va vazifalar qamrab olingan. Mazkur strategiya doirasida joriy yilgi Davlat dasturida maktablarda sharoitlarni va o‘qitish sifatini tubdan yaxshilash, o‘sib kelayotgan avlodni bilimli etib tarbiyalash bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlar belgilangan.
O‘tgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishuvi chog‘ida masalaning mana shu jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shunisi aniqki, ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktablar hayotini o‘zgartirmasdan turib, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Yurt taqdiri bilan bog‘liq ulug‘vor maqsadlarimiz ro‘yobi maktablarda «ildiz» otadi. Maktabni maktab qiladigan kuch esa, albatta, o‘qituvchi-pedagoglardir.
Yashirmaymiz, o‘z vaqtida maktablarimizda ma’naviy-ma’rifiy muhit ham, o‘qituvchi kasbining obro‘ va nufuzi ham pasaygan, tizim chuqur islohotlarga muhtoj bo‘lgan davrni ko‘rdik. Zamonaviy fikrlaydigan, malakali pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etishga yetarli ahamiyat berilmagani sohada qator jiddiy muammolarni keltirib chiqargan edi.
So‘nggi sakkiz yil oralig‘ida ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha yurtimizda dadil qadamlar tashlandi. 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Prezidentimizning xalq ta’limi tizimiga oid qator qaror va farmonlari bilan sohadagi islohotlarning huquqiy-me’yoriy asoslari mustahkamlandi.
Ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Is’hoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi bilim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ushbu jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘qituvchilarning maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar qilindi. Pedagog kadrlar majburiy mehnatdan, ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod etilishi, oylik maoshlari oshirilgani va boshqa ijobiy o‘zgarishlar samarasi o‘laroq, bir paytlar maktabni tark etgan minglab erkak o‘qituvchilar yana ilm dargohiga qaytmoqdalar. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019-yilda mamlakatimizda jami 481 ming 604 nafar pedagogning 148 ming 695 nafarini erkak o‘qituvchilar tashkil etgan bo‘lsa, 2024/2025-o‘quv yilida bu raqam 161 ming 432 nafarga yetdi.
Ammo sohada hali muammolar uzil-kesil barham topganicha yo‘q. Maktablarning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, pedagog kadrlarni tayyorlashda zamon talablari darajasidagi yangi yondashuvlarni tatbiq qilish hayotiy zarurat bo‘lib turibdi.
Yuqorida keltirilgan taqdimotda aytib o‘tildiki, ayni paytda yurtimizda 15 ta davlat va 61 ta nodavlat oliygohda pedagogika yo‘nalishi bor. Lekin ulardagi ilmiy salohiyat atigi 40 foiz atrofida.
Qabullarning katta qismini ijtimoiy yo‘nalishlar tashkil etadi. Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglar tayyorlash, afsuski, juda kam. «Afsuski» deya urg‘u berayotganimiz sababi, mamlakatimiz rivojlangan davlatlar bilan hamqadam bo‘lmog‘i, jadal taraqqiy etmog‘i uchun «to‘rtinchi sanoat inqilobi» kasblarini egallagan yosh kadrlar suv va havodek kerak. Buning uchun esa bolalarda fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika bilan bog‘liq kasblarga qiziqish uyg‘otish, qobiliyat va layoqatlarini kashf etmoq joiz. Endi o‘ylab ko‘ring, maktablarimizda bunday vazifani uddalaydigan o‘qituvchilar yetishmasa, «to‘rtinchi sanoat inqilobi»da raqobatdosh bo‘la olamizmi?!
Shulardan kelib chiqqan holda taqdimotda pedagoglarni tayyorlash tizimini transformatsiya qilish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Ya’ni, Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladigan bo‘ldi. Ushbu universitet respublikamizning barcha hududlaridagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh hisoblanadi.
Aholining demografik ko‘rsatkichi yil sayin oshib borayotgani fonida yangi maktablarga ehtiyoj ortmoqda. Hozirgi kunda respublika bo‘yicha 2 mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayotgani bunga dalil. Ayniqsa, aholi gavjum manzillardagi, shaharlardagi maktablarda bitta sinfda 40-45 nafargacha bolaning o‘qishi odatiy tus olgan.
Ushbu masalaning yechimi sifatida joriy yilning o‘zida budjet hisobidan 112 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etilishi, Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb qilib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilayotgani ayni muddao.
Taqdimot chog‘ida farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga soya solayotgan yana bir jiddiy xatar tilga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, yurtimizda maktab yoshidagi bolalarning 80 foizi internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol. Lekin bu internet va ijtimoiy tarmoqlar dunyo bo‘ylab ayrim shaxslar va ayrim guruhlarning g‘oyaviy quroliga aylangani, ular orqali axloqiy buzuqliklar hamda turli jinoyatlar sodir bo‘layotgani ham achchiq haqiqat. Mana shunday sharoitda bolalarimizni zararli axborotlardan himoya qilish hayot-mamot masalasi sanalmoqda.
Davlatimiz rahbari yosh avlod uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish, ular ta’lim-tarbiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlarni ko‘paytirish, bu yo‘lda bor bilim va g‘ayratini bag‘ishlashga bel bog‘lagan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» universitetida muhandislik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, tibbiyot kabi zamonaviy sohalarda mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish, yangi laboratoriyalar ochish rejalari ham taqdimot qilindi. Oliygohda ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlash maqsadida Germaniyaning ilg‘or tajribasidan foydalangan holda zamonaviy universitet klinikasi tashkil etilishi xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashda yangi burilish bo‘lishi muqarrar.
Sayyora IMOMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
– Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqda ulkan maqsadlar belgilangan. Ularni amalga oshirish va taraqqiyotning shunday jadal sur’atda davom etishi, ertangi kunimiz, yurt istiqboli o‘sib kelayotgan avlodga bog‘liq. Shu bois ham ta’lim-tarbiya sohasida ilg‘or tajribalardan ortda qolmaslik, sifat o‘zgarishlarida bir lahza ham tanaffus qilmaslik lozim.
Partiyamiz maqsadlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har bir bola qayerda va qaysi oilada tug‘ilganidan qat’i nazar, o‘z orzulariga erisha oladigan, bilimi, iqtidori, mehnatsevarligi bilan hayotda va jamiyatda o‘rin topadigan shaxs sifatida shakllanishi uchun ta’limning barcha bosqichida aholining hamma qatlamiga teng imkoniyatlar yaratilishi zarur. E’tiborlisi, bu maqsadga uyg‘un ravishda mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy harakatga aylanmoqda.
Prezidentimizning 28-aprelda qabul qilingan «Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni zamirida ham ta’lim-tarbiyada zamonaviy va oqilona tizim yaratish maqsadi mujassamdir.
Farmonga ko‘ra, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘rnida O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi va u respublikada pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti bo‘ladi.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab universitetning boshqaruv tizimi bosqichma-bosqich «Yangi O‘zbekiston» universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtirilishi, mavjud 14 ta fakultet maqbullashtirilib, 6 ta pedagogika oliy maktablari ochilishi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga birinchi kursdanoq xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan boshlab pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladi. Oliy pedagogik ta’lim yo‘nalishida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi. Keyinchalik Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida pedagog kadrlar tayyorlash sifati tahlilini yuritish maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostika qilish tizimi qo‘llaniladi. Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga «Gospital pedagogika» magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonga muvofiq, yurtimizda endilikda «Gospital pedagogika» mutaxassisligi bo‘yicha pedagoglarning tayyorlanishi inklyuziv ta’limni rivojlantirishda tamomila yangi sahifa ochishiga ishonchim komil. Jamiyatimizning bir bo‘lagi bo‘lgan alohida yordamga muhtoj bolalarning sog‘lom tengdoshlari qatoridan kam bo‘lmay, ta’lim-tarbiya olib, hayotda o‘z o‘rinlarini topishi uchun poydevor yaratishda bu juda muhim.
Davlatimiz rahbari maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarurligini ko‘p bora ta’kidlaydi. Zotan, xalqning, millatning yuksalishi aynan maktab ostonasidan boshlanadi.
Farida MAHKAMOVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 30.4.2025, №17