O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat va Qarshi shahar kengashlari hamda Osiyo texnologiyalar universiteti hamkorligida “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri o‘tkazildi.
Unda partiya kengashlari mas’ullari, deputatlar, ustozlar, talaba-yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Ikki bosqichda tashkil etilgan turnirda ishtirokchilarga jami 20 ta savol berilib, ularning Konstitutsiya va qonunchilik asoslari, parlament va mahalliy Kengashlar faoliyati, davlat islohotlari va ijtimoiy siyosat, siyosiy atamalar hamda tarixiy voqealar bo‘yicha bilimlari, shuningdek, mantiqiy va tahliliy fikrlash qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi.
Qizg‘in bahslar yakuniga ko‘ra “Alfraganus” jamoasi 1-o‘rin, “Olmoslar” jamoasi 2-o‘rin, “Histori” jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi. G‘olib jamoalar O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida 1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Osiyo texnologiyalar universitetining faol o‘qituvchilari partiya safiga qabul qilinib, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.