Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasining narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, Konstitutsiyaviy sud va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, valutani tartibga solish, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori» faxriy unvonini ta’sis etish, shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi.
Aholining munosib hayot kechirishi, ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyatda barqaror va xavfsiz muhitni ta’minlash – partiyaning Saylovoldi dasturiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, fraksiya a’zolari har bir qonun loyihasini muhokama qilishda uning inson hayoti va kundalik turmushiga ta’siri, aholi manfaatlariga qay darajada xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratdilar.
Dastlab deputatlar birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Xususan, birinchi va ikkinchi o‘qish oralig‘ida qonun loyihasining takomiliga yetkazilgani, jumladan, giyohvandlik (narkomaniya), zaharvandlik (toksikomaniya), prekursorlar, psixotrop moddalar, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya kabi asosiy tushunchalarga batafsil ta’riflar berilgani, O‘zbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatlari haqida batafsil ma’lumotlar berilib, qonun loyihasining maqsadi – giyohvandlikka hamda narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasini tartibga solishdan iboratligi qayd etildi.
Jarayonda, hududlarda, xususan, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquq-tartibotni mustahkamlashga qaratilgan jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan, o‘zining yuksak kasbiy mahorati, fidoyiligi va namunali xizmat faoliyati bilan alohida ibrat ko‘rsatgan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlariga beriladigan «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori» faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, deputatlar mazkur unvonni ta’sis etish bo‘yicha kiritilgan qonun loyihasini tayyorlashda, avvalo, profilaktika inspektorining kasbiy maqomi, malaka talablarining idoraviy qonun osti hujjatlari bilan tartibga solingani, xorijiy mamlakatlarda soha xodimlarini yuksak darajada rag‘batlantirish tizimi va xalqaro tajribalarning o‘rganilganligi kabi masalalar yuzasidan mas’ullarga bir nechta savollar bilan yuzlandilar.
Qonun tashabbuskorlari tomonidan yuqoridagi savollarga batafsil javob berilgach, deputatlarimiz qonun loyihasini konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladilar.
Shuningdek, yig‘ilishda voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik tashabbusiga ham alohida e’tibor qaratildi. Fraksiya a’zolari bolalarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ular uchun xavfsiz ijtimoiy muhit yaratish muhimligini qayd etdilar.
Umuman, yig‘ilishda muhokama qilingan qonun loyihalari yuzasidan bildirilgan fikr va takliflarda inson qadri, aholining ijtimoiy himoyasi hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga ustuvor mezon sifatida qaraldi.
Kun tartibidan o‘rin olgan qonun loyihalari bo‘yicha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari hamda partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.