O‘zbekiston — Janubiy Koreya: xalqimiz farovonligiga qaratilgan muhim tashabbuslar
O‘zbekiston — Janubiy Koreya: xalqimiz farovonligiga qaratilgan muhim tashabbuslar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi.

Birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida so‘zlangan nutqda ko‘p millatli Markaziy Osiyo oilasining ajralmas qismiga aylangan koreys diasporasi xalqlarimizning birdamligi va o‘zaro hurmat-ehtiromining yorqin misoli ekanligi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda xalqaro maydonda Markaziy Osiyo mintaqasini yaxlit bir makon, bir oiladay qabul qilish urfga kirdi. Buning yaqqol isboti sifatida jahon sahnidagi eng yirik davlatlarning “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi muloqotlarini muttasil o‘tkazib kelayotganida ko‘rishimiz mumkin. “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti ham ana shunday oliy darajadagi muloqotlardan biridir.

O‘zbekiston Prezidenti sammitda mintaqalarimiz o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, ma’daniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, bugungi zamonaviy dunyodagi global o‘zgarishlar sur’ati davlatlarning unga moslashish imkoniyatidan tobora ilgarilab ketayotgani, sun’iy intellekt mehnat bozori va butun boshli sanoat tarmoqlarini o‘zgartirayotgani, bundan tashqari ta’lim, infratuzilma, texnologiya va inson kapitaliga nisbatan yangi talablar paydo bo‘layotgani aytildi.

Tan olaylik, bugun dunyoda o‘zgarishlar juda tez kechmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt, global iqtisodiyot va mehnat bozoriga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Ilgari inson bajargan ayrim ishlar avtomatlashtirilib, ishsiz qolayotgan insonlar soni o‘sayotgani bilan bir qatorda yangi kasblar ham paydo bo‘lmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim tizimi zamonaviy kasblarga mos kadrlar tayyorlashi, infratuzilma yangi texnologiyalarga moslashishi, insonlar esa yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashi davr talabiga aylanib ulgurdi.

Shu nuqtayi nazardan, har bir davlat uchun asosiy vazifa o‘zgarishlarni kuzatib borish emas, balki ularga oldindan tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Bu yo‘lda inson kapitaliga sarmoya kiritish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki texnologiya qanchalik rivojlanmasin, uni yaratadigan, boshqaradigan va jamiyat manfaati yo‘lida qo‘llaydigan asosiy kuch inson bo‘lib qoladi. Shu bois yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga o‘rgatish dolzarb vazifadir.

Bundan tashqari, texnologik taraqqiyotning samarasi jamiyatning barcha qatlamlariga birdek yetib borishi muhim. Ya’ni, ijtimoiy tenglik nuqtayi nazaridan eng chekka qishloqlarda yashaydigan aholi vakillari ham yangi kasb egallashi va zamonaviy mehnat bozoriga kirishi uchun sharoit yaratilishi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi kerak.

Nutqda yosh avlod ilg‘or bilimlar, ko‘nikmalar va xalqaro tajribadan foydalanish imkoniga ega bo‘lib, kelgusida zamonaviy texnologik iqtisodiyotning bir qismiga aylanishi juda muhimligiga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish taklif etildi. Ushbu hamkorlik “buyurtma – o‘qitish – bandlik” degan aniq tamoyilga asoslanishi kerakligiga urg‘u berildi.

Bunday yondashuv, avvalo, yoshlarning ta’lim olish va munosib kasb egallash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun sifatli ta’lim, zamonaviy kasb-hunar va mehnat bozori talab qilayotgan ko‘nikmalarni egallash imkoniyati yanada kengayadi, degani. Zero, inson kapitaliga kiritilgan sarmoya nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga shu bilan birga ijtimoiy barqarorlik va aholi turmush farovonligini oshirishning muhim omilidir.

“Buyurtma – o‘qitish – bandlik” tamoyilining amaliyotga samarali joriy etilishi uchun birinchi navbatda ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur. Ya’ni, yoshlar  ish beruvchilarning buyurtmasi bilan aniq kasb va real mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislikka ega bo‘lishi kerak.

Koreya Respublikasiga tashrif hamda birinchi tarixiy sammit natijasida erishiladigan ko‘rsatkichlar xalqimizga va yaqin hamkorlarimizga katta manfaatlar keltirishi shubhasiz.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish