Xalq demokratik partiyasi yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi

 

Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida iqtidorli va faol yoshlarni rag‘batlantirish, ularning innovatsion g‘oyalari hamda liderlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Istiqbolli yoshlar forumi» yuqori saviyada o‘tkazildi.

Forum O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etildi.

Forum doirasida bir qator tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, «Yoshlar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlar» mavzusida davra suhbati, Shirin shahridagi Energetika texnikumida yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar va iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan innovatsion loyihalar ko‘rgazmasi, «Zakovat» intellektual turniri, shaxmat-shashka va sport musobaqalari o‘tkazildi.

Muloqotlar davomida faol yoshlar va tashabbuskor talabalar ham so‘zga chiqib, o‘zlarining yangi g‘oyalari, takliflari va tengdoshlarini qiynayotgan muhim masalalar bo‘yicha atroflicha fikr bildirdilar. Yoshlar tomonidan ilgari surilgan istiqbolli loyihalar mas’ullar tomonidan e’tirof etilib, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Xalq demokratik partiyasi yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun astoydil intiladi. Partiya faollari va deputatlari yoshlar uchun har tomonlama teng imkoniyatlar yaratilishi jamiyat barqarorligining muhim sharti ekanini bildirishdi.

Forumda zamonaviy kasblarni egallash, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliy loyihalarga aylantirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan, bilim va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan yoshlar munosib rag‘batlantirildi. Bu kabi loyihalarni muntazam tashkil etish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni davlat va jamiyat hayotidagi muhim jarayonlarga keng jalb etish Xalq demokratik partiyasining ustuvor intilishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Forum bayramona dastur bilan yakunlandi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Men OʻzXDPni tanladim Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish