Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati S. Kamilova tomonidan yuborilgan deputatlik so‘roviga Qashqadaryo viloyati Transport boshqarmasi boshlig‘i B. Yazdanov tomonidan javob berildi.
Deputatlik so‘rovida Qarshi shahridagi viloyat “Ona va bola” shifoxonasi oldida, shuningdek, 7 va 16-avtobus yo‘nalishlarida avtobus bekatlarini qurish hamda bu borada ko‘rilayotgan choralar yuzasidan masalalar ko‘tarilgan.
Javobda Qarshi shahrida 35 ta oraliq hamda 5 ta boshlang‘ich va yakuniy avtobus bekatlarini qurish va jihozlash uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ma’lum qilingan. Mazkur mablag‘ bekatlar qurilishi uchun Qarshi shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga yo‘naltirilgan.
Hozirda yangi bekatlarni qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosasini olish uchun taqdim etilgan. Ekspertiza xulosasi olingach, belgilangan tartibda qurilish ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026-yilda qurilishi rejalashtirilgan yangi avtobus bekatlarining aniq manzillari belgilangan. Jumladan, Alisher Navoiy, Denov, Hasaf va Mustaqillik ko‘chalaridagi aholi gavjum hududlar, “Ona va bola” markazi, Viloyat bolalar shifoxonasi, Dehqon bozori, Davlat xizmatlari markazi hamda OITS markazi oldida yangi avtobus bekatlarini qurish va jihozlash ko‘zda tutilgan.