O‘zXDP fraksiyasida milliy ma’ruza tanqidiy tahlil qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining milliy ma’ruzasi tinglandi. Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan jami 4 768 ta jinoyat ishi ko‘rilgan bo‘lsa, unda 7 517 nafar shaxs (ma’lumot uchun 2024 yilda 7354 nafar) korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 1 271 nafari, ya’ni 17 foizi ozodlikdan mahrum qilingan. Hududlar kesimida olib qaraganda Andijonda 946 ta, Toshkentda 793 ta, Qashqadaryoda 745 ta, Samarqandda 709 ta korrupsion holatlar qayd etilgan. Eshituvdan so‘ng korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki va manfaatlar to‘qnashuviga oid o‘quvlarning o‘tkazilishi muhim jarayon ekanligi ta’kidlanib, fraksiya a’zolari tomonidan aniqlashtiruvchi savollar berildi. Xususan, deputat Sh.Axmedov mas’ullardan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va korrupsiyaga qarshi o‘qitish jarayonlariga 1 milliiondan ortiq bog‘cha tarbiyalanuvchilari qamrab olingani, elektron platforma orqali agentlikning maxsus bazaviy o‘quv kurslariga jalb etish tizimi qanday ishlashini aniq faktlar bilan tushuntirishni so‘radi. Yana bir deputatimiz D.Mamadjanova milliy ma’ruzaning sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar haqidagi ma’lumotida maktabgacha va maktab ta’limi sohasida 357 ta, sog‘liqni saqlash tizimida 276 ta, oliy ta’lim yo‘nalishida 113 ta va mahalliy hokimliklarda 270 ta holat aniqlanganligini ta’kidlab, bu holatlar bo‘yicha Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va ayniqsa, Andijon viloyatining ko‘rsatkichlari salbiy ekani, bu hududlar hokimliklari va soha mutasaddilariga qanday qat’iy ta’sir choralari ko‘rilgani haqida ma’lumot taqdim etilishini so‘radi. Deputat F.Sharipov esa korrupsiyaga oid jinoyatlarning yillar kesimidagi tahliliga e’tibor qaratdi. Jumladan, 2025 yilda javobgarlikka tortilganlar soni 7 517 nafarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2021 yildagi 4 851 nafarga nisbatan sezilarli darajada oshgani, bu huquqni muhofaza qilish organlarining faolligi va tizimda “yashirin” holatlarni aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotining kuchayganidan dalolat ekani aytildi. Umuman olganda, korrupsiyaviy jinoyatlar ortishiga agentlikning munosabati va mazkur jinoyatlar natijasida davlat foydasiga yetkazilgan qariyb 3 trlnga yaqin mablag‘larning taqdiri, ularni undirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil axborotlar berish lozimligi ta’kidlandi. Fraksiyamiz a’zolari milliy ma’ruzada aks ettirilgan ma’lumotlarni yanada aniq bayon etish, xalqaro tajribalarni chuqurroq o‘rganish va milliy ma’ruzani ertaroq taqdim etish kabi tavsiyalarni bildirgan holda qo‘llab-quvvatlashdi. Yig‘ilishda, shuningdek, qurilishi tugallanmagan ko‘p kvartirali uylarda noqonuniy yashashning oldini olishga qaratilgan qonuni loyihasi deputatlar diqqat markazida bo‘ldi. Jumladan, qonun tashabbuskorlarining o‘rganishlariga ko‘ra, so‘nggi 7 yil davomida 383 ta ko‘p kvartirali uy shaharsozlik hujjatlari, kommunikatsiyaga ulash va ro‘yxatdan o‘tkazish talablarini bajarmasdan noqonuniy qurilib, ulardagi 20 mingdan ortiq xonadon fuqarolarga sotilgan. Turli qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi sababli foydalanishga topshirilmagan 136 ta ko‘p kvartirali uylarda 8 mingga yaqin aholi yashamoqda. Mazkur qonun loyihasi bilan Shaharsozlik kodeksiga belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga buyurtmachi yoki pudratchiga (mas’ul va (yoki) mansabdor shaxs) fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyati alohida me’yor sifatida kiritilmoqda. Shu bois, xalqaro tajribalardan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 2293-moddasi yangi yettinchi qism bilan to‘ldirilmoqda va mazkur qilmish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik joriy qilinishi kutilmoqda. Qizg‘in bahs-munozalar, fikr-mulohazalarga boy bo‘lgan fraksiya yig‘ilishi so‘nggida qonun loyihalari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari bilan hamohang tarzda ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

← Roʻyxatga qaytish