Kambag‘allikni qisqartirish masalasi partiyamizning ustuvor vazifalaridan biri sifatida o‘rin olgan. Shuning uchun joylardagi deputatlarimiz, fidoyilarimiz aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslarni amalga oshirishda bevosita ishtirok etishga intilmoqda.
Mamlakatimizda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushib, qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allik holatidan chiqqani, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangani bildirilgan edi.
Bu boradagi sa’y-harakatlar joriy yilda ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Davlat rahbari boshchiligida mahalla tizimini raqamlashtirish va ilmiy asosda rivojlantirish choralari muhokama qilinganda ham ayni masalaga alohida urg‘u berildi.
Xususan, yil yakuniga qadar 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha tushirish maqsad qilingani ta’kidlandi.
Tan olish kerak, marra baland, unga erishish uchun mutasaddi barcha tashkilotlar, hududlardagi deputatlar astoydil harakat qilishi, imkoniyatlardan unumli foydalanishi zarur. Bitta oilaning muntazam daromadga ega bo‘lishi u yerdagi muhitga va kayfiyatga qanchalik ijobiy ta’sir qilishini hisobga olsak, kambag‘allikni qisqartirish jarayonlarida qatnashish, ezgu ishlarga hissa qo‘shish burchimiz ham ekani ayon bo‘ladi.
Har bir vazifaning maqsadi va mablag‘i aniq. Mahallalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi doimiy e’tiborda. Xususan, respublika budjetidan “og‘ir” tuman va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun 12 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar “og‘ir” tuman va mahallalar uchun qo‘shimcha 4 trillion so‘m mablag‘ga ham ega bo‘lgan.
Mahallaning iqtisodiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilayotgani ham juda ahamiyatli. Endilikda mahalla hududida sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning bir qismi mahalla budjetlariga yo‘naltirilishi, yer va mol-mulk solig‘idan tushadigan tushumlarning ulushi 10 foizdan 15 foizga oshirilishi, bo‘sh maydonlarni ijaraga berish va ayrim binolarni sotishdan tushadigan mablag‘lar ham mahallalarning o‘zida qoldirilishi belgilandi.
Bunday imkoniyatlar mahallalarning birinchi navbatda infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash, piyodalar yo‘lakchalarini tashkil qilish, bolalar va sport maydonchalarini qurish, mahalla bog‘larini yaratish, ehtiyojmand oilalar bandligini ta’minlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishga yangi turtki bo‘ladi.
Murojaat va muammolarni tezkor hal qilish maqsadida 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari “Raqamli mahalla” platformasiga ulanayotgani, yechimlarni tezkor belgilash imkoni yaratilishi mahallalarda qarorlar qabul qilish jarayonlarini yanada tizimlashtiradi.
Kambag‘allikdan holi bo‘lgan bir oilani tasavvur qilaylik. Bu birinchi navbatda oilaviy muhitni o‘zgartiradi. Ya’ni, oilada moddiyat bilan bog‘liq nizolar tugaydi. Bolalar tengdoshlaridan kam bo‘lmay maktabga boradi, ta’lim oladi. Kelajakka umidi, ishonchi ortib boradi.
Agar butun mahalla “kambag‘allikdan xoli” bo‘lsachi? Bunday muhitda o‘ziga ishongan, bilimli yosh avlod yetishib chiqadi. Bu bora-bora faol ijtimoiy tendensiyaga aylanadi. Natijada shunday oilalar, ularda tarbiya topgan yoshlar kelajakda jamiyatni barqarorlashtiruvchi, taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuch bo‘lib shakllanadi.
Islohotlarning hududlardagi samaradorligini baholashda, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlashda, tizimli muammolarni bartaraf etishda jamoatchilik, deputatlik nazorati katta rol o‘ynaydi. Bunday ta’sirchan nazoratni olib borish parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari, hududiy kengashlarimiz zimmasidagi doimiy vazifadir.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.