Iqtisodiy va tarixiy taraqqiyotga yangicha nazar

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida iqtisodiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan, Quyi palataning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sharofiddin Nazarovning «Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak» nomli kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston fanlar akademiyasi mutasaddilari va iqtisodchi olimlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, ilmiy jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Taqdimotda asar shunchaki o‘tmish voqealarining xronikasi yoki quruq iqtisodiy raqamlar to‘plami emas, balki yurtimiz bosib o‘tgan ziddiyatli va murakkab yo‘lning xolis, tanqidiy va ilmiy nigoh bilan qilingan tahlili mahsuli, deya e’tirof etildi. Kitobning markaziy falsafasini, muallif tili bilan aytganda, «Evrilish nuqtasi» konsepsiyasi tashkil etishi ta’kidlandi.

Tadbirda so‘z olganlar kitobning «Evrilish nuqtasi» jamiyat yoki davlat rivojlanishidagi muhim burilish pallasi ekani, unda eskicha tizim va inqirozga yuz tutgan modeldan voz kechib, tubdan yangilanish va yuksalishga o‘tish jarayoni yoxud xatolarni tan olmasdan, eskilikni ushlab qolishga urinib, tanazzulga yuz tutish to‘g‘risidagi haqiqatlar tilga olingani haqida fikr-mulohazalar bildirishdi.

Shuningdek, taqdimotda ushbu risola orqali muallif dastlab milliy davlatchiligimiz tarixidagi ikkita butunlay farqli davrni qiyoslashi soha olimlari tomonidan alohida qayd etildi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish