O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat va Qarshi shahar kengashlari tomonidan “Sog‘lom jamiyat – kuchli davlat” shiori ostida Qarshi shahridagi 4-son oilaviy poliklinikada bepul tibbiy ko‘rik aksiyasi tashkil etildi.
Tadbirda partiya faollari, deputatlar, tibbiyot xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Aksiya doirasida aholini profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasalliklarni erta aniqlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan tushuntirish ishlari olib borildi.
Tibbiy ko‘rikda 500 nafardan ortiq fuqaro mutaxassislar ko‘rigidan o‘tdi. Bolalarni emlash, tug‘ish yoshidagi ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish ishlari tashkil etilib, zaruratga ko‘ra fuqarolarga viloyat tibbiyot muassasalariga yo‘llanmalar berildi.
Tadbir yakunida hamkorlik va aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi faol ishtiroki uchun 4-son oilaviy poliklinika bosh shifokori viloyat partiya kengashining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Shuningdek, 10 nafar tibbiyot xodimi partiya safiga qabul qilindi.