Birgalikda raqamli taraqqiyot sari
Birgalikda raqamli taraqqiyot sari

 

Keyingi yillarda turkiy xalqlar o‘rtasida qardoshlik, yaqin do‘stlik va birodarlik munosabatlari turli sohalarda kengayib bormoqda. Strategik kelishuvlar, oliy darajadagi samimiy uchrashuvlar asosida erishilayotgan ulkan yutuqlar barcha turkiy xalqlarni birdek quvontirmoqda, umumiy birdamlik ruhini tobora mustahkamlamoqda.

O‘z navbatida, dunyo siyosat maydonida mamlakatlarimizning hurmat­e’tibori oshib bormoqda.

Joriy yilning 15-may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mushtarak maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida geosiyosiy, iqtisodiy, ekologik, umumturkiy kiberxavfsizlik va yoshlar siyosatiga oid yangi amaliy takliflar ilgari surildi.

Bugungi globallashuv va geosiyosiy murakkabliklar sharoitida turkiy dunyo integratsiyasini yanada kuchaytirish, umumiy tarixiy va madaniy ildizlarga tayangan holda yagona turkiy taraqqiyot makonini shakllantirish zarurligi chuqur tahlillar bilan asoslab berildi.

Sammit doirasida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik, ekologiya va yoshlar siyosati kabi yo‘nalishlarda ilgari surilgan g‘oyalar chuqur amaliy ahamiyatga ega.

Jumladan, “Raqamli turkiy koridor”, sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik, qo‘shma venchur jamg‘armasi va kiberxavfsizlik bo‘yicha Turkiy alyans tashkil etish yuzasidan bildirilgan takliflar umumtarixiy ildizga ega davlatlarning nafaqat bugungi, balki kelajakdagi umumiy taraqqiyoti uchun ham muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.

Bundan tashqari, global texnologik jarayonlarni inobatga olgan holda, tashkilot doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish lozimligi qayd etildi. Ushbu tashabbus kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Albatta, ilg‘or raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt bugun hammamizning kundalik hayotimizga chuqur kirib kelmoqda, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.

Bu sohalar ming­minglab yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad manbalari yaratilishiga sharoit va imkoniyat yaratmoqda. Yoshlar o‘zini namoyon qilishi, hayotda munosib o‘rin topishi uchun mustahkam platformaga aylanmoqda.

Demak, shunday vaziyatda qardosh turkiy davlatlar o‘rtasida raqamli hamkorlik kengayishi qator ijtimoiy masalalarni samarali hal etishga, yosh avlod o‘rtasida yanada yaqin va faol muloqot muhitini o‘rnatishga katta yo‘l ochadi.

Sammitda ko‘tarilgan masalalar nafaqat siyosiy va iqtisodiy jihatdan, balki qonunchilik va institutsional rivojlanish yo‘nalishida ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yagona raqamli turkiy makon yaratishga qaratilgan tashabbuslar tashkilotga a’zo davlatlarning milliy qonunchiliklarini o‘zaro uyg‘unlashtirishni taqozo etadi. Bu milliy parlamentlar oldiga ham muhim vazifalar qo‘yadi.

Umuman, ushbu sammit turkiy davlatlarning o‘zaro ishonch, birdamlik va strategik sheriklik tamoyillariga sodiq ekanini ifodaladi. Bildirilgan tashabbuslar “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 20-sonidan

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish