Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir nechta qonun loyihalari, xususan, nizosiz ishlarni hal etish va iste’molchilar huquqlarini himoyasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari keng muhokama qilindi.
Yig‘ilishda dastlab, nizosiz ishlarni hal etish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Loyihada bazaviy hisoblash miqdorining bir ming baravarigacha bo‘lgan nizosiz ishlarni notariuslar tomonidan ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda. Bunda notariuslar ijro xatlarini ijro organiga elektron yuborishi mumkinligi, ijro xatlarini yozganlik uchun undiriladigan davlat boji miqdorini tartibga solish ko‘zda tutilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasi sudyalar ish yuklamasining kamayishiga hamda ortiqcha resurs sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Fraksiyada shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur qonun loyihasi bilan iste’molchilarning bir qator huquqlari qonun bilan mustahkamlanishi belgilanmoqda.
Xususan, amaldagi qonunchilikda nuqsonlari aniqlangan tovarni almashtirib berish uchun uning sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirish asoslari va tartib-taomillari ko‘rsatilmagan. Bu, o‘z navbatida, tovarni sotuvchi tomonidan almashtirish muddati asossiz ravishda cho‘zilishiga hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda nizoli holatlarning keltirib chiqarayotgan edi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda, sotuvchi uni, agar aynan shunday markali tovar unda mavjud bo‘lsa, darhol almashtirishga majburligi belgilanmoqda.
Xalq vakillari qonun loyihasining dolzarbligini qayd etib, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunga aylanayotganini ta’kidlashdi. Deputatlar shu bilan birga loyihadagi “darhol” tushunchasiga e’tibor qaratib, uni yanada aniqlashtirish hamda qonun loyihasini takomillashtirishga qo‘shimcha takliflarini bildirishdi.
Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar atroflicha muhokama qilinib, yakunda tegishli qarorlar qabul qilindi.