Aholi murojaatlari bilan ishlash yangi bosqichga chiqmoqda

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qarshi shahrida “Aholi murojaatlari bilan ishlashning amaliy mexanizmlari” mavzusida amaliy o‘quv-seminar o‘tkazdi.

Unda fuqarolar murojaatlarini samarali hal qilish, aholi ko‘tarayotgan tizimli muammolarni mutasaddi idoralar bilan hamkorlik va hamjihatlikda qisqa muddatlarda bartaraf etish, bu borada hisobdorlikni oshirish masalalari haqida tahliliy fikr almashildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi, viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari Qarshi shahrida Xalq qabulxonalariga tushgan murojaatlarga tez va natijali yechim topish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida hokimlik va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlarining axborotlarini tingladi.

Tahlillar ko‘rsatishicha, Qarshi shahridagi o‘tgan yilgi 11 mingga yaqin murojaatlarda ko‘tarilgan qator oilaviy ijtimoiy muammolarning asosiy sababi barqaror daromad manbaiga ega emaslik, ish topishdagi murakkabliklar va ishonchli kasb-hunarning yo‘qligi bilan bog‘liq bo‘lmoqda.

Shuning uchun hokimlik mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda ishlab, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtirish, xorijda ishlash istagida bo‘lganlar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, ularni kasb va tilga o‘rgatib, yuqori daromadli ishga yuborish choralarini ko‘rayotgani ma’lum qilindi.

Amaliy seminarda sohalar kesimida murojaatlarni o‘rganish va hal qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lum qilinishicha, Qarshi shahridagi 35 ming xonadonli 930 ta ko‘p qavatli uylarga 40 ta boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Kompaniyalar xizmatidan qoniqmasdan norozi bo‘lib yuborilgan shikoyatlar soni ko‘paygan. Eng ko‘p murojaat tushgan mahallalarda aholi va boshqaruv kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilayotgani, muammolarni hal qilishda bevosita muloqotning hayotiy ahamiyatga ega ekani amaliy misollar bilan ko‘rsatib berildi.

Fuqarolarning muammolarini faqat qayd etish emas, balki ularni chuqur o‘rganib, amaliy yechimlar topishda mahalliy deputatlarning muhim o‘rni, mustahkam pozitsiyasi bo‘lishi zarur. Murojaatlar tizimli tahlil qilinib, kompleks choralar belgilanishi, ayniqsa, Xalq demokratik partiyasi uchun dolzarb ahamiyatga ega. Nimaga deganda, bandlik, ishga joylashish, qonuniy imtiyozlardan foydalanish masalalari barcha hududlarda va sohalarda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, bir-biriga o‘xshash va takror murojaatlar soni keskin kamayadi.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi Kengashlarda Xalq demokratik partiyasining 92 nafar deputati 16 ta partiya guruhiga birlashib faoliyat olib bormoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlash, muammolarni o‘rganish va yechim topishda ular muhim bo‘g‘inga aylanishi lozimligi qayd etildi.

Partiya Jamoatchilik qabulxonalariga fuqarolardan tushgan 871 ta murojaatning 85 foizi mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy hal etilgan bo‘lsa-da, muammolarni tizimli tahlil qilish zarurligi ta’kidlandi.

Deputatlar murojaatlarni “mahallabay” va “fuqarobay” tartibida o‘rganayotgani, ularni hal etish maqsadida mutasaddi tashkilotlarga deputatlik murojaati va so‘rovi yuborayotgani, bu borada amaliy natijalarni ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Xususan, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy masalalar bo‘yicha real holatni tahlil qilish asosida sessiyalarga takliflar tayyorlash mexanizmlari ko‘rsatib o‘tildi.

Murojaatlarni eshitish amaliyotidagi yangi o‘zgarishlar nafaqat murojaatlarni qabul qilish, ularni tizimli hal etish, balki shu orqali haqiqiy holatni tushunish, mas’ul idoralar hamda rahbarlarning hisobdorligini oshirish imkonini ham beradi.

Deputatlar murojaatlarni o‘rganish va yechim topish jarayonida turli mutasaddi idoralar vakillari bilan izchil hamkorlik qilishi, o‘rni kelganda, partiya elektoratining qonuniy manfaatlari himoyasi uchun pozitsiya ko‘rsatishi zarurligi, murojaatni mas’ul tashkilotga yo‘naltirib qo‘yish bilan cheklanish bugungi kun deputatiga yarashmasligi ta’kidlandi.

Fuqarolardan kelib tushayotgan har bir murojaat bilan tizimli ishlash Xalq demokratik partiyasining so‘l qanot sifatidagi pozitsiyasini yanada mustahkamlashda, mahalliy davlat idoralarining qonunlar ijrosi bo‘yicha, xalqimiz, fuqarolar oldida hisobdorligi bo‘yicha mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish