Partiyamiz Toshkent viloyati kengashi tashabbusi bilan Parkent tumanida partiyaning hududiy tuzilmalari faoliyatini yanada kuchaytirish, deputatlik korpusi samaradorligini oshirish va aholi bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi hamda Toshkent viloyati kengashining mas’ul xodimlari, 22 ta shahar va tuman kengashlari raislari, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari hamda yoshlar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirlar dasturi doirasida avvalo Parkent tumani “Nomdanak” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 101 yoshli nuroniy Anorboy ota Jalilov xonadonlariga tashrif buyurilib, ularga partiya tizimi rivojiga qo‘shgan hissasi va ko‘p yillik ijtimoiy faolligi uchun “Partiya faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi. Bu kabi e’tiroflar partiyaning inson qadrini ulug‘lash va avlodlar vorisiyligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor siyosatining amaliy ifodasi hisoblanadi.
Shundan so‘ng, “Deputatlik guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro aloqa hamda hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash” mavzusida tajriba almashishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida mahalliy Kengash deputatlari Yulduz Ubaydullayeva, Xusniddin Muxiddinovlar tomonidan deputatlik nazoratini amalga oshirish amaliyoti, hududlarda aholi murojaatlari bilan ishlash, partiya guruhlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilib, ilg‘or tajribalar o‘zaro muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida hudud yoshlari ishtirokida “Deputat va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Mazkur muloqot maydonida yoshlarning taklif va tashabbuslari eshitilib, ularni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va siyosiy faolligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mas’ullarimiz Parkent tuman Obodonlashtirish boshqarmasi faoliyati yuzasidan deputatlik nazoratini amalga oshirib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekib “Deputatlar bog‘i” tashkil etildi.
Mazkur tashabbuslar atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbirlar yakunida partiya safiga yangi a’zolar qabul qilinib, bu partiyaning hududlardagi ijtimoiy tayanchi kengayib borayotgani anglatadi.