“Yoshlar kuni” munosabati bilan Buxoro pedagogika institutida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Unda tajribali ustozlar, faol jamoatchilik vakillari hamda yoshlar bir davrada jam bo‘lib, o‘zaro fikr almashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat kengashi raisi Zulfiya To‘yeva ham ishtirok etib, yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi. U o‘z nutqida yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, ularni qo‘llab-quvvatlash va keng imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbir davomida yoshlarning ta’lim olishi, kelajak rejalari, jamiyatdagi faolligini oshirish hamda katta avlod tajribasidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Katta avlod vakillari o‘z hayotiy tajribalarini o‘rtoqlashib, yoshlarni bilim olishga intilish, mehnatsevarlik va Vatanga sadoqat ruhida faol bo‘lishga chaqirdi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yoshlar uchun muhim motivatsiya bo‘lib xizmat qildi hamda turli avlod vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va muloqotni yanada mustahkamladi.