Bugun Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Xalq demokratik partiyasining navbatdagi fraksiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihalarining mazmun-mohiyati, ularning ijtimoiy ahamiyati va amaliyotda qo‘llanilishiga doir fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Kun tartibidagi birinchi masala “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan edi. Deputat D.Mamajanovaning fikriga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish va joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda mahalliy kengashlarning rolini yanada mustahkamlash zarur.
Yig‘ilishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mazkur qonunda Internet jahon axborot tarmog‘idagi mayda bezorilik, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlarda yoxud harbiy harakatlarda ishtirok etishni yoki harbiy xizmatga yollanishni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik, shaxsning o‘zi sodir etgan huquqbuzarligi tasvirlangan mahsulotlarni tarqatganligi, reklama qilganligi, namoyish etganligi, shuningdek band solingan yoxud ijro harakatlarini amalga oshirish davomida xatlangan mulkni qarzdor tomonidan qonunga xilof ravishda tasarruf etganlik uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ham uzoq muhokama qilingan edi. Qonun ijodkorlari loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida fraksiya tomonidan bildirilgan e’tirozlar va aniqlashtirilishi kerak bo‘lgan jihatlarga e’tibor qaratgan.
Loyiha ikkinchi o‘qishda ham uzoq muhokama qilindi. Jumladan, deputat Sh.Nazarov qonun loyihasining ayrim normalarini yanada takomillashtirish lozimligini ta’kidladi. Masalan, loyihaning band solingan, undiruv qaratilgan yoxud ijro harakatlarini amalga oshirish davomida xatlangan mulkni qarzdor yoki ishonib topshirib qo‘yilgan shaxs tomonidan yashirish, yo‘qotish yoxud unga shikast yetkazish holatlari bilan bog‘liq me’yorga aniqlik kiritishni so‘radi. Deputatga ko‘ra, yuqoridagi holatlar aniq ochib berilishi va me’yorlar o‘rtasida mutanosiblik ta’minlanishi kerak, aks holda, loyihaning konsepsiyasi buzilishi mumkin. Bu borada qo‘shimcha fikr almashuvlar o‘tkazilishi bildirildi.
Fraksiya vakillari ma’muriy javobgarlikka oid har bir normani ko‘rib chiqayotganda fuqarolarning huquq va manfaatlari qay darajada ishonchli himoya qilinayotgani, odamlarga ortiqcha ma’muriy bosimning oldini olish nuqtai nazaridan muhokamadan o‘tkazishadi.